Mamlakatimizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining:
"O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bog‘liq bo‘linmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining "O‘zsuvenergo" birlashmasi negizida "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, "O‘zbekgidroenergo" AJ Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
3. Quyidagilar "O‘zbekgidroenergo" AJning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, gidroenergetika obyektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;
gidroenergetika salohiyatini kompleks o‘zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda respublikamizning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini ko‘paytirishni ta’minlash;
yirik, o‘rta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
respublikamizning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, mamlakatimizning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;
gidroenergetika sohasida oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
4. Belgilansinki:
"O‘zbekgidroenergo" AJ "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bog‘liq bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining "O‘zsuvenergo" birlashmasi, "To‘polangsuvGESqurilish" MChJning, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va donor mamlakatlar bilan tuzilgan amaldagi bitimlar doirasida huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
tashkil etilayotgan "O‘zbekgidroenergo" AJning dastlabki ustav kapitali gidroenergetika energiya hosil qiluvchi korxonalarining davlat ulushi nominal qiymat bo‘yicha berilishi, shuningdek, "Gidroloyiha" AJ, "Gidromaxsusqurilish" AJ, "O‘zbekgidroenergoqurilish" AJ va "Suvsanoatmash" AJning ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketlari hisobiga shakllantiriladi.
5. "O‘zbekgidroenergo" AJga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi PQ-2947-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ijro etuvchi va mas’ul organ vazifasi yuklansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
"O‘zbekgidroenergo" AJning gidroelektrostansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘lar, faoliyat yuritayotgan gidroelektrostansiyalarni saqlab turish xarajatlarini chegirib tashlagan holda, qayta investitsiyalash yo‘li bilan Dasturda nazarda tutilgan yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi hamda yuridik shaxslarning foyda solig‘i soliq bazasidan chiqariladi;
"O‘zbekgidroenergo" AJning gidroelektrostansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiya uchun haq to‘lash qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda iste’molchilar uchun pirovard tarifning 85 foizi miqdorida shakllantiriladigan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
6. Belgilansinki, energetika tizimi barqaror va ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida "O‘zbekenergo" AJ:
Milliy dispetcherlik markazi orqali "O‘zbekgidroenergo" AJ korxonalarining tezkor-dispetcher boshqaruv masalalari umumiy muvofiqlashtirilishini;
"O‘zbekenergo" AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 100 foiz xarid qilinishini amalga oshiradi.
7. "O‘zbekgidroenergo" AJni tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi komissiya tashkil etilsin.
Ishchi komissiya (G‘.I.Ibragimov) chuqur va tahliliy tanqid asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tasdiqlash uchun bir hafta muddatda belgilangan tartibda kiritsin, unda "O‘zbekgidroenergo" AJ va uning tarkibiga kiradigan korxonalarning faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, "O‘zbekenergo" AJ, "O‘zbekgidroenergo" AJ Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 18-may
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 18-maydagi "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik
jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga
SHARH
O‘zbekiston gidroenergetika resurslariga boy mamlakat hisoblanadi. Bu borada respublikamizda o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan gidroenergetika resurslari yiliga 27,4 milliard kilovatt/soat elektroenergiya ishlab chiqarish hajmiga tengligini aytishning o‘zi kifoya. Shu bilan birga, hozirda mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatining atigi 6,5 milliard kilovatt/soati yoki 23,7 foizi o‘zlashtirilgan, xolos.
Gidroenergetika resurslari tabiiy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbai bo‘lgani sababli ulardan foydalanishni har tomonlama kengaytirish respublikamizning zamonaviy taraqqiyot strategiyasiga mosdir. Bu sanoat va kommunal korxonalari, qishloq xo‘jaligi va hududlarda axolining elektr energiyasiga bo‘lgan oshib borayotgan ehtiyojini kafolatli qoplashni, mamlakatimizdagi organik yoqilg‘i zaxiralaridan oqilona foydalanish va ularni tejashni, shuningdek, atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarilishi kamaytirilishini ta’minlaydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston gidroenergetika sohasi 36 ta gidroelektrostansiyalarni o‘z ichiga oladi, ulardan 25 tasi qirq-sakson yil muqaddam ishga tushirilgan va o‘zining texnik resurslarini deyarli o‘tab bo‘lgan, asbob-uskunalar va inshootlar modernizatsiya va rekonstruksiyaga muhtojdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi PQ-2947-sonli qarori respublikamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi gidroenergetik resurslar ulushini oshirish, yangi ekologik toza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda mavjud gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik qayta jihozlash maqsadida qabul qilindi.
Aytish joizki, gidroelektrostansiyalarning umumiy sonidan yiliga o‘rtacha 5,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 28 tasi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiradi, yiliga o‘rtacha 1,3 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 8 ta gidroelektrostansiya esa Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi «O‘zsuvenergo» birlashmasi tasarrufidadir. Bu kabi bo‘linish pirovardida gidroenergetika sohasini texnik boshqarishning zaruriy yaxlitligini ta’minlamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan mamlakatimizning suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, gidroenergetikani rivojlantirishga izchil ravishda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilishini ta’minlash maqsadida ilgari “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining “O‘zsuvenergo” birlashmasiga qarashli bo‘lgan barcha gidroelektrostansiyalarni birlashtiruvchi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati zimmasiga quyidagi muhim vazifalar yuklanmoqda:
gidroelektrostansiyalarda elektr energiya ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, gidroenergetika obyektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;
gidroenergetika salohiyatini kompleks o‘zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda respublikamizning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini ko‘paytirishni ta’minlash;
yirik, o‘rta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
respublikamizning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, mamlakatimizning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;
gidroenergetika sohasida oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
O‘z navbatida, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi PQ-2947- sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha ijro etuvchi va mas’ul organ funksiyalari yuklatilganligini ta’kidlash lozim.
Mamlakatimiz energetika tizimining barqaror va ishonchli faoliyatini ta’minlash maqsadida "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining quyidagi huquqlari saqlab qolindi:
mavjud Milliy dispetcherlik markazi orqali "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati korxonalarini tezkor-dispetcherlik boshqarish masalalarini yaxlit muvofiqlashtirish;
"O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yuz foiz xarid qilish.
Farmon ijrosi doirasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilayotgan “O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatining tuzilmasi tasdiqlandi va uning ustav jamg‘armasini shakllantirish va ta’sis hujjatlarini tasdiqlash bilan bog‘liq tegishli topshiriqlar berildi.
“O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatiga respublikamizda va xorijda, jumladan, yetakchi xorijiy injiniring, konsalting va qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun konsorsiumlar va ixtisoslashgan sho‘ba korxonalar tashkil etishga ruxsat berildi.
Qabul qilingan qaror bilan "Gidroloyiha" aksiyadorlik jamiyati "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatining investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyihalash hujjatlarini ishlab chiqish borasida bosh loyihalovchi etib belgilandi, "To‘polangsuvGESqurilish" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga esa xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning shartlari asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalaridan tashqari "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha bosh pudratchi funksiyalari yuklandi.
O‘z navbatida, "Gidroloyiha" aksiyadorlik jamiyatiga "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan holda, gidroenergetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun eng yaxshi mahalliy va xorijiy ixtisoslashtirilgan loyiha va injiniring tashkilotlarini, shuningdek, yetakchi mutaxassislar va ekspertlarni, subpudratchilar sifatida ularning ishini muvofiqlashtirgan holda, shartnoma asosida jalb etish huquqi berildi.
Gidroenergetika sohasining oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli, kasb-hunarga ega malakali kadrlarga bo‘lgan talabini aniqlash va ularni respublikamizning oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tayyorlash bo‘yicha mas’ul organ funksiyalari "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatiga yuklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyatiga boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda bajarish uchun quyidagi topshiriqlar berildi:
gidroenergetika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida oliy ma’lumot yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, o‘rta maxsus, kasb-hunar yo‘nalishlari, kasblari va mutaxassisliklari ro‘yxatini hamda ularni tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarini aniq belgilash;
gidroelektrostansiyalarda, gidrotexnika va gidroenergetika bilan bog‘liq korxona va tashkilotlarda majburiy o‘qish, amaliyot va tajriba o‘tashni kiritgan holda, ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini zamonaviy talablar va xalqaro tajriba asosida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish;
har yili ixtisoslashtirilgan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul kvotalarini shakllantirish davomida 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Dastur amalga oshirilishini inobatga olgan holda, gidroenergetika sohasining malakali mutaxassislarga bo‘lgan haqiqiy talabini inobatga olish;
oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tanlagan kasblari va mutaxassisliklari bo‘yicha gidroenergetika sohasidagi korxona va tashkilotlarda ish bilan ta’minlanishlari ustidan nazorat, shuningdek, birinchi navbatda, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbarlari javobgarligini oshirishning amaliy mexanizmlarini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan qarori va Farmoni amalga oshirilishi quyidagilarga imkon yaratadi:
birinchidan, respublikamizda mavjud barcha gidroelektrostansiyalarning moddiy-texnik bazasini va ularga xizmat ko‘rsatuvchi qurilish, montaj, ta’mirlash, sozlash, ilmiy-loyihalashtirish tashkilotlarini yagona gidroenergetika sohasiga birlashtirish;
ikkinchidan, elektr energiyasini ishlab chiqarish tartibini muvofiqlashtirish, gidroelektrostansiyalarning asbob-uskunalari va inshootlaridan ko‘p yillik xavfsiz foydalanish strategiyasini amalga oshirish, sohani dinamik rivojlantirish, huquqiy va normativ-metodik bazasini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislarni shakllantirish orqali gidroenergetikaning tashkiliy, moliyaviy va texnologik boshqaruvini amalga oshirish;
uchinchidan, zamonaviy texnologiyalar va jihozlarni qo‘llab, ularni ehtimoliy mujassamlashtirish va standartlashtirish, gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish, qurish va nazorat qilishda xalqaro ilmiy-texnik yutuqlarni qo‘llash orqali yuqori energetika ko‘rsatkichlarini va gidroelektrostansiyalarning maqbul ish tartibi va samaradorligini ta’minlash;
to‘rtinchidan, mamlakatdagi gidroenergetika resurslaridan to‘laqonli foydalanish, mavjud bo‘lgan gidroelektrostansiyalarni yangilash va to‘liq ishlashini ta’minlash, O‘zbekiston energetika balansi tarkibida gidroenergetika ulushini oshirish uchun turli quvvatlardagi gidroelektrostansiyalarni qurishni ta’minlovchi gidroenergetikani bosqichma-bosqich rivojlantirish dasturini tatbiq etish;
beshinchidan, mavjud tabiiy salohiyat va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat orqali respublikamizda suv va energetika manbalari kompleks o‘zlashtirilishini ta’minlash, energetika, suv xo‘jaligi, irrigatsiya, ichimlik suvi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manfaatlari yo‘lida ulardan oqilona foydalanish;
oltinchidan, yuqori texnologik mehnat faoliyatining nufuzini rag‘batlantirgan holda, gidroenergetika sohasida bilim olishga, ko‘nikma va malakalarini oshirishga, turmush tarzi va sifatini ko‘tarishga intiladigan malakali muhandis-texnik va kasb-hunarli kadrlarni amaliy tayyorlash, o‘stirish va tarbiyalash.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni va «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizning energetika mustaqilligini kuchaytirish, mavjud gidroelektrostansiyalardan samarali va xavfsiz foydalanish, yuqori manevrli va samarali yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish tashkilotlarini yaratish orqali O‘zbekistonda yagona gidroenergetika sohasini yaratish yo‘lida ulkan qadam hisoblanadi.