O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-BMT: inson huquqlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida
2017-05-19 | Siyosat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi shu yil 10-12-may kunlari mamlakatimizda bo‘ldi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.
Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Inson huquqlari milliy markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati, Ombudsman bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Yuksak martabali mehmon Samarqandni ziyorat qilish asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasida va mahallada ham bo‘ldi. Viloyatdagi turli diniy konfessiyalar, bir qator milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn tashrifining ahamiyati, natijalari va tafsilotlari haqida suhbatlashdik.
– Avvalambor, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi 1993-yili Ikkinchi umumjahon anjumanida Vena shahrida qabul qilingan qaror asosida tashkil etilganini ta’kidlash lozim, – dedi A.Saidov. – BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi mazkur xalqaro tashkilot tizimida inson huquqlarini himoya qiluvchi asosiy organ bo‘lsa, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar o‘zining huquqiy maqomiga ko‘ra BMT Bosh kotibining o‘rinbosari hisoblanadi.
Bu yuksak martaba egasi BMT tizimida inson huquqlari bo‘yicha birinchi shaxsdir. Sodda qilib aytganda, Oliy komissar inson huquqlarining dunyodagi birinchi himoyachisi sanaladi. Negaki, BMT faoliyati uch asosiy yo‘nalish, birinchidan, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash; ikkinchidan, barqaror rivojlanish; uchinchidan, inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlarini qamrab olsa, Oliy komissar Boshqarmasi BMT tizimida inson huquqlari himoyasini ta’minlash uchun bevosita mas’uldir.
– Hozirgi Oliy komissar shaxsi va faoliyati haqida qanday ma’lumotlar bera olasiz?
– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 4-yilga saylanadi. BMT Oliy komissari 1993-yildan shu kunga qadar 7-marta saylangan. Zayd Raad al-Husayn yettinchi Oliy komissardir. U AQShning Jons Xopkins universitetida gumanitar fanlar bakalavri va Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi. Iordaniya Hoshimiylar davlati fuqarosi, shahzoda, Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) avlodlaridan.
Zayd Raad al-Husayn diplomatiya sohasida ko‘p yillik katta amaliy tajribaga ega. Iordaniyaning AQShdagi elchisi, shuningdek, BMTdagi doimiy vakili sifatida faoliyat yuritgan. U xalqaro huquq, xalqaro jinoiy sudlov, tinchlikparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish va yadroviy terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mutaxassisdir. Xalqaro jinoyat sudini ta’sis etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar elementlarini aniqlash ishlarida ishtirok etgan. Zamonaviy xalqaro jinoyat sudi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida bir muddat BMT Xalqaro sudida ishlagan.
Zayd Raad al-Husayn 2014-yil 1-sentabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari etib tayinlangan va Osiyo qit’asining ushbu lavozimdagi ilk namoyandasi, qolaversa, musulmon dunyosidan ham birinchi vakildir. BMT Oliy komissari sifatida 24 ta mamlakatga tashrif buyurgan. O‘zining qat’iy nuqtai nazariga ega bo‘lib, aksariyat davlat rahbarlarini ham qattiq tanqid qilgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrif buyurishi so‘ralgan Hukumatimiz taklifini Zayd Raad al-Husaynga joriy yilning 1-martida Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvimiz chog‘ida topshirgan edim. O‘sha uchrashuv ham iliq va o‘zaro tushunish muhitida o‘tgan. Men Oliy komissarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan pragmatik siyosat, ayniqsa, “Harakatlar strategiyasi”da inson huquqlariga oid, sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdim.
E’tiborli jihati shundaki, Zayd Raad al-Husayn BMT Inson huquqlari Kengashining mart oyidagi sessiyasidagi o‘zining inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotida “O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar dunyo davlatlari o‘rnak olishiga loyiq”, deb yuqori baho berdi. “Huquq sohasidagi islohotlar haqidagi qonunlarda sudlar mustaqilligi va odil sudlov jarayonlari shartlari ifodalab berildi. Mazkur qonunlarning joriy etilishi O‘zbekiston xalqi uchun kelgusidagi ijobiy o‘zgarishlar borasida muhim ahamiyat kasb etadi”, deya qayd etdi u.
O‘ylashimcha, ana shu tilga olingan omillarning o‘zi ham BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynning O‘zbekistonga tashrifi naqadar muhim ekanini yaqqol tasdiqlab turibdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Zayd Raad al-Husayn bilan muloqoti haqida so‘zlab bersangiz?
– Ma’lumki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mamlakatimizga tashrifi davomida ko‘plab muzokaralar, xususan, 10 ta uchrashuv o‘tkazdi. Albatta, eng muhim uchrashuv Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan o‘zaro samimiy muloqotidir. Tashrif yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida janob Zayd Raad al-Husayn mamlakatimiz rahbari bilan qariyb 1,5 soatlik muloqotda juda ko‘plab masalalarda amaliy kelishuvlarga erishilganini e’tirof etdi.
Bu bejiz emas. Chunki O‘zbekiston Prezidenti bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining muloqoti ochiq, samimiy va amaliy ruhda o‘tdi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, Zayd Raad al-Husaynning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini O‘zbekistonda yuksak qadrlaydilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMT, ushbu nufuzli universal xalqaro tashkilot institutlari, shu jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasida amaliy va ochiq muloqotni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Inson huquqlari va BMT bilan hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Natijada tomonlar o‘rtasida o‘zaro yaqin va samimiy munosabatlar o‘rnatildi va barcha masalalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
– Davlatimiz rahbari uchrashuv davomida aynan qaysi masalalarga e’tibor qaratdi?
– Prezidentimiz birinchi navbatda O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha yondashuvlarining asosiy nuqtalarini bayon qildi. Bunda inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishi ekani alohida qayd etildi. O‘zbekistonning asosiy maqsadi demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishdan iborat bo‘lib, xalqimizning bu ongli tanlovi milliy manfaatlarimizga to‘liq javob beradi.
O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha samarali qonunchilik tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir qatorda 16 ta kodeks va 400 dan ortiq qonun qabul qilingan. Konstitutsiyamiz xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos bo‘lib, unda insonlarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari kafolati belgilab qo‘yilgan.
Mamlakatimizda Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga asos solingan. Xususan, 1995-yilda Parlament Ombudsmani lavozimi joriy etildi. U inson huquqlariga oid masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha ko‘plab vakolatlarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda o‘z vakillariga ega. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz faoliyat ko‘rsatayotaniga 20-yildan oshdi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va boshqa tashkilotlar faoliyati ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yaqinda tasdiqlangan va mohiyatiga ko‘ra BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning “yo‘l xaritasi”ga aylangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishni takomillashtirishga doir yaqin istiqbolga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar dasturi belgilandi.
Joriy yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili, deb e’lon qilindi. Odamlarning talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish, huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Joylarda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari aholining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ochildi. Prezident devoni tarkibida inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi uchta yangi tuzilma tashkil etildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sudga daxli bo‘lmagan yangi mexanizm – Biznes-Ombudsman tuzildi.
Inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda Oliy Majlis palatalari faol ishtirok etmoqda. “Harakatlar strategiyasi” doirasida joriy yilda qariyb 50 ta qonun hujjati qabul qilinadi. Shu jumladan, ichki ishlar idoralari, korrupsiyaga qarshi kurashga doir qonunlar allaqachon amal qilmoqda. Parlament nazorati izchillik bilan joriy etilmoqda. Hukumat a’zolari parlamentga hisobot bermoqda. Deputatlar har oyda 10 kun joylarda bo‘lib, haqiqiy ahvolni o‘rganmoqda.
Yurtimizda onalar va bolalar huquqlarini himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda. O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingan. “Xabeas-korpus” instituti bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Mamlakatimiz mahkumlar eng kam davlatlar qatoriga kiradi.
Keyingi davrda sudyalarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. Yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi joriy etildi. Sudyalik muddatlariga qat’iy aniqlik kiritildi. Ya’ni, sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba — o‘n yil, keyingisida muddatsiz tayinlanish (saylanish) imkoni yaratildi.
O‘zbekistonda ochiq fuqarolik instituti rivojlanmoqda. Mamlakatimizda 8 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Mahalla instituti uyg‘onish davriga kirdi. Yurtimizda millatlararo va dinlararo totuvlikni ta’minlash bo‘yicha noyob tizim yaratilgan bo‘lib, 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. Ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Teleradio dasturlari 12 tilda tayyorlanayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 14 tilda chop etilmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning o‘nta shartnomasiga qo‘shilgan. Bugungi kunda ushbu hujjatlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda ko‘rilgan ta’sirchan choralar tufayli bolalarning majburiy mehnatidan foydalanish illatiga barham berildi. Bularning barchasi O‘zbekiston inson huquqlari va qadriyatlarini tan olishi hamda o‘zining xalqaro manfaatlariga sodiq ekanining yorqin ifodasidir.
Eng muhimi, qabul qilingan qarorlar va amaliy harakatlar natijasida xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Odamlar davlatga emas, davlat odamlarga xizmat qilishi amalda ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish asnosida O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha barcha yo‘nalishlarda Oliy komissar boshqarmasi va uning mintaqaviy ofisi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Xususan, davlatimiz rahbari “Harakatlar strategiyasi” doirasida, birinchidan, sud-huquq islohotlari va qonun ustunligini ta’minlash, ikkinchidan, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashni yanada yaxshilash, uchinchidan, inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlarni mustahkamlash, to‘rtinchidan, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikka shayligini ma’lum qildi.
– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Prezidentimiz qabulida va boshqa uchrashuvlarda asosan qaysi mavzularga urg‘u berdi?
– Bu haqda so‘z borganda, albatta, Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga yuksak e’tibor qaratilayotgani va bu borada amaliy choralar ko‘rilayotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etganini qayd etish lozim. Shuningdek, yuksak martabali mehmon BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ma’lum qilgani nihoyatda muhim.
Boshqa uchrashuvlarda ham O‘zbekiston va BMT institutlari, jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarda o‘zaro qiziqish mavjudligi qayd etildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Oliy komissar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Harakatlar strategiyasi” juda jiddiy va yorqin dastur ekanini alohida ta’kidladi. Unda BMT g‘oyalari, inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘z ifodasini topganini qayd etdi.
Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidagi muloqotda “Harakatlar strategiyasi” mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda onalar va bolalar huquqlarini himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistonda “Harakatlar strategiyasi” asosida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda inson huquqlarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda siyosiy partiyalarning roli kuchayayotgani ijobiy holat ekanini qayd etib, mamlakat rivojida parlament muhim o‘rin tutishi, bu tizimning rolini oshirishga qaratilgan mexanizm mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Oliy komissarning diqqatini tortgan yana bir muhim xususiyat shuki, milliy qonunlarimizda xalqaro huquq normalari e’tiborga olinmoqda.
Oliy suddagi muloqot asnosida esa Zayd Raad al-Husayn O‘zbekiston hukumatining sud-huquq tizimi samaradorligini oshirish hamda adolatli va mustaqil sud jarayonlarini tashkil etishni ta’minlashga qaratilgan qonunlar qabul qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Oliy Komissarning fikricha, ushbu tashabbuslar xalqaro andozalar talablariga javob beradi, shuningdek mamlakat xalqning farovonligini oshirish yo‘lida o‘z hamkorlari bilan muloqot uchun ochiqligidan dalolat beradi. Zayd Raad al-Husayn sudyalarning xalqaro huquq normalarini qo‘llash bo‘yicha saviyasini oshirish borasida o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan boshqa oliy qadriyatlarni himoya qilishga oid masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. “Harakatlar strategiyasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosida nodavlat notijorat tashkilotlari ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish, BMTning Nogironlar huquqlarini himoya qilish konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi kabi qator masalalarga e’tibor qaratildi.
Eng muhimi, barcha uchrashuv va muloqotlarda Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat ekanini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.
Oliy komissar O‘zbekistonda qabul qilinayotgan har bir yangi qonun hujjati inson huquqlariga taalluqli xalqaro standartlarga muvofiqlik jarayonidan o‘tishini yuqori baholadi. U, shuningdek, so‘nggi sakkiz oy mobaynida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgan qonunlar, farmon hamda qarorlar qabul qilinganini e’tirof etdi.
Shuningdek, Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistondagi xalq bilan muloqot, korrupsiyaga qarshi kurash hamda so‘z erkinligi borasida olib borilayotgan ishlarning tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Hukumatning amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha monitoring olib borishiga e’tibor qaratib, bu ham mamlakatda shaffof muhit yaratishdagi muhim ijobiy jihat ekanini qayd etdi.
Bundan tashqari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini, jumladan, chegaralarni belgilash singari nozik masalalarda amaliy natijalarga erishilayotganini yuqori baholadi.
– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Samarqand safari haqida batafsilroq to‘xtalish mumkinmi?
– Albatta. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasida bo‘lib, bu yerda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Xalq qabulxonasidagi tibbiyot xonasi, ona va bola xonasi hamda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar ibratli tajriba sifatida e’tirof etildi.
Umuman olganda, 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani hamda bunday qabulxonalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani yuksak martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi. Uning e’tirof etishicha, joylarda yangi tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholining qonunlarda belgilangan huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.
Samarqandga safar doirasida martabali mehmonlar Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Shahardagi Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Hazrat Doniyor ziyoratgohi va boshqa tarixiy obidalar bilan tanishdi. Ushbu maskanlarga sayohat chog‘ida yurtimizda ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash va ularni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
Mehmonlar Samarqand shahridagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, uning misolida ushbu noyob institutning jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni va roli bilan tanishdi. Mehmonlarga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati, ularni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, davlat boshqaruvi idoralarining ko‘plab huquq va vakolatlari mazkur institutga berilgani haqida ushbu mahalla misolida so‘zlab berildi.
Samarqand shahrida viloyatdagi milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar vakillari bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Samarqand viloyatida 100 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-osoyishta hayot kechirib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani, 10 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatayotgani Oliy komissarni ham mamnun etdi, ham hayratga soldi, desak, yanglishmaymiz.
O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistonga ilk tashrifi foydali muloqotlarga boy bo‘lgani va bu o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi. Shuningdek, u millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitining ta’minlangani yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyotning asosiy omili ekaniga e’tibor qaratdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ushbu obidalarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Bir kunda Samarqand bilan tanishish imkonsiz ekan. Shuning uchun biz bu betakror shaharga yana kelish, samimiy, mehmondo‘st odamlar bilan suhbatimizni davom ettirishni niyat qildik”. Zayd Raad al-Husayn samarqandlik jurnalistlar bilan muloqotda aytgan ana shu so‘zlarini poytaxtimizda o‘tkazilgan yakuniy matbuot anjumanida ham takrorladi. Bu nimadan dalolat beradi? Fikrimizcha, ushbu samimiy izhor BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining el-yurtimizga nisbatan yuksak ehtiromining yana bir ochiq ifodasidir.
Darvoqe, matbuot anjumanida tashrif doirasida uyushtirilgan fuqarolik forumiga ham e’tibor qaratildi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari qayd etganidek, “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalarga erishishda hukumatning fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ish olib borishi muhim o‘rin tutadi. Bu, ayniqsa, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi.
– Tashrif yakunlari bo‘yicha qanday amaliy natijalarga erishildi?
– O‘zbekiston BMT Oliy komissari boshqarmasi bilan quyidagi yo‘nalishlarda izchil hamkorlikni amalga oshirishi haqida kelishib olindi:
birinchidan, “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash va yordam berish;
ikkinchidan, inson huquqlariga oid, shu jumladan, xotin-qizlarning tengligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish borasida hamkorlik qilish;
uchinchidan, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xususan, Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan yaqindan hamkorlik qilish va o‘zaro tadbirlar – turli anjumanlar, davra suhbatlari o‘tkazish;
to‘rtinchidan, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim tizimini takomillashtirish, bu borada o‘quv qo‘llanmalari, risolalar va dasturlar bilan yordam berish;
beshinchidan, Oliy komissarning Mintaqaviy ofisi bilan hamkorlik o‘rnatish;
oltinchidan, BMTning maxsus mexanizmlari, ayniqsa maxsus ma’ruzachilari va shartnomaviy organlari bilan hamkorlikni kengaytirish;
ettinchidan, BMTning Umumiy davriy hisoboti doirasida hamkorlik qilish;
sakkizinchidan, O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va ularga muqobil ma’ruzalar tayyorlashda amaliy yordam berish;
to‘qqizinchidan, O‘zbekiston mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistlarning kasbiy malakasini oshirishga ko‘maklashish;
o‘ninchidan, BMTning inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalarini, jumladan, Nogironlar to‘g‘risidagi konvensiyani, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish;
o‘n birinchidan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi qanday amaliy ahamiyatga ega, deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, bu BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining mamlakatimizga ilk tashrifidir. Bu, tom ma’noda, tarixiy tashrifdir. Hech shubhasiz, ushbu tashrif g‘oyat yuksak darajada o‘tdi.
Zayd Raad al-Husayn janoblarining yurtimizga tashrifi O‘zbekiston rahbariyati bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro tushunish va intilishlar mushtarakligini tasdiqladi. Mazkur tashrif amaliy hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar va yo‘nalishlar ochdi. Ayniqsa, ushbu tashrif O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi, yuksak bosqichga ko‘targani bilan ulkan ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi murakkab sharoitda universal nufuzli xalqaro tashkilot sifatida BMTning ahamiyati va roli tobora ortmoqda. Ayniqsa, BMT va uning ixtisoslashgan institutlari, xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi yer yuzidagi davlatlarning tinchlik va xavfsizlikni, barqaror taraqqiyotni hamda inson huquqlari himoyasini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishda yetakchi o‘rin tutadi.