O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarni kasbga yo‘naltirish muhim vazifa
2017-05-18 | Jamiyat
Namanganda “Kasb tanlovi – baxt tanlovi” mavzusida o‘quvchi-yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Namangan viloyati xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlaridan tegishli boshqarmalar, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari rahbarlari, pedagog-psixologlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi samarasida mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish idoralari, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilalar hamkorligi yanada mustahkamlanmoqda, – deydi Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i V.Rajapov. – Ayniqsa, yoshlarni o‘quvchilik davridan boshlab kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishda bu muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur seminardan ko‘zda tutilgan maqsad ham bu borada to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdir.
Seminar ishtirokchilari viloyatda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabi tajribasi misolida tanishdi. Umumta’lim maktabi 2015-yilda Investitsiya dasturi asosida 1 milliard 820 million so‘m hisobiga mukammal ta’mirlandi. O‘quvchi-qizlarga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida 12 zamonaviy tikuv mashinasi, pazandalik asboblari keltirildi. O‘g‘il bolalarga duradgorlik, temirchilik, chilangarlik kasblarini puxta o‘rganish imkonini beradigan mehnat ta’limi ustaxonalari tashkil etildi.
Maktab qoshidagi bunday ustaxonalarda 150 dan ziyod o‘quvchi o‘nga yaqin kasb-hunar sirini o‘rganmoqda. 60 dan ortiq o‘quvchi darsdan bo‘sh vaqtida maktab hududida joylashgan milliy hunarmandlik va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ustoz-shogird an’anasi asosida sartaroshlik, kosiblik, tunukasozlikni o‘rganmoqda.
Viloyatda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha “Mahorat maktabi” etib belgilangan mazkur ta’lim dargohida orttirilgan ilg‘or ish uslublarini boshqa muassasalarga joriy qilish maqsadida bu yerda turli ilmiy-amaliy va o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari maktab hayoti, kasb-hunar to‘garaklari faoliyati, “Orasta qizlar” klubi va maktab kututbxonasida o‘tkaziladigan “Kitobim – oftobim” mashg‘ulotlarini kuzatdi.
– “Kasblar olami va men” nomli trening mashg‘uloti menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Farg‘ona tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tashxis markazi rahbari Nigora Musayeva. – Bu mashg‘ulotda maktab, mahalla va oila hamkorligining yuksak samarasi o‘z ifodasini topgan. Ustaxonalar o‘quvchilar uchun katta mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Ishtirokchilar seminar doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Osh tanlovi” va “Sartaroshlar bahsi” tanlovlari orqali yoshlarning kasb-hunar egallash bo‘yicha erishgan natijalarini kuzatdi.
Tadbir so‘ngida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, qobiliyat va qiziqishi asosida ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish borasidagi muhim vazifalar, bu borada hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.