O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbek olimlari mevalarning yangi navlarini yaratmoqda
2017-05-18 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 6-yanvardagi Meva-savzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazida 2017-2021-yillarda meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Dasturda davlat va xorijiy grantlar asosida bog‘dorchilik, uzumchilik hamda sabzavotchilikka ixtisoslashgan ilmiy muassasalar laboratoriya binolarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, seleksiya ishlarini rivojlantirish, istiqbolli meva navlarini yaratish hamda omborxonalar qurish kabi vazifalar belgilangan.
Markaz olimlari tomonidan mevalar va uzumning 150 dan ortiq yangi navi yaratildi. Shaftolining “Uchqun”, “Gulnoz”, “Istiqbol” “Hilola”, olxo‘rining “Yarxi”, tog‘ olchaning “Muxtor”, “Maysara” va “Hosilot” navlari shular sirasidandir. Bog‘bonlarimiz mazkur navlarni ekib, mo‘l hosil olmoqda. Olmaning 60 foizdan ko‘prog‘i, nokning qariyb 50 foizi, uzumning 43 foizi, qulupnayning 90 foizi, yong‘oqning 90 foizini O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan navlar tashkil qiladi. Bugungi kunda institut olimlari yaratgan 11 meva turining 24 xil navi Davlat nav sinash komissiyasida sinovdan o‘tkazilmoqda.
– Mamlakatimizda bog‘dorchilik va uzumchilikni yanada rivojlantirish maqsadida intensiv texnologiya asosida bog‘lar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Bahodir Xoliqov. – Nok, o‘rik, olxo‘ri, shaftoli, gilos va olma bog‘lari tez hosilga kirishi, yuqori hosildorligi bilan ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmoqda. Yong‘oq, anjir va xurmodan ham intensiv bog‘lar yaratilib, mo‘l hosil olish mumkinligi isbotlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, intensiv bog‘larni kengaytirish maqsadida aniq manzilli dasturlar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda 32 ming 400 gektar yerda ana shunday bog‘lar tashkil qilingan. Joriy yilda yana 13 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar barpo etiladi.
Mazkur bog‘larning afzalliklari bugungi kunda amalda namoyon bo‘lmoqda. Oddiy mevali daraxt ekilganidan keyin 4-5-yil o‘tib hosil beradi. Intensiv bog‘lar ikkinchi yildayoq hosilga kiradi. Pakana olma ko‘chatining bir tupi to‘liq hosilga kirganda 50-60 kilogramm meva beradi. Ularning ildizi tuproq yuzasiga yaqin joylashgani sababli suvga talabchan. Shuning uchun tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazilsa, yaxshi o‘sib, tez rivojlanadi.
– Bu sohaning yana bir ahamiyatli jihati bor, – deydi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining bo‘lim boshlig‘i Fozil Boyjigitov. – Tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llanganda suv 30-40 foizgacha kam sarflanadi, mineral o‘g‘itlar 50 foizgacha tejaladi. Bu har qarich yerdan unumli foydalanib, mo‘l hosil yetishtirish imkonini beradi. Keyingi yillarda intensiv bog‘lar yaratishda asosan tog‘ va tog‘oldi hududlarida, suv taqchil yerlarda payvandtaglarga pakana ildiz-bo‘g‘iz qo‘yish yo‘li bilan yetishtirilgan ko‘chatlardan foydalanish texnologiyasi keng joriy etilmoqda. Suv bilan kam ta’minlangan yerlar uchun yuqori harorat va garmselga, keskin kontinental iqlim sharoitlariga chidamli navlarni yaratish, kasallik va zararkunandalarga qarshi yuqori samarali kurash usullari o‘rganilmoqda. Meva va uzum hosilini gektariga 25-30 sentnerga oshiradigan tuproqqa ishlov berish va organik-mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning samarali usullari ishlab chiqilib, xo‘jaliklarga tavsiya qilindi.
Hozir ilmiy-ishlab chiqarish markazi olimlari yaratgan yigirma to‘rt xil meva va uzum navi hamda ulardan yuqori hosil yetishtirish texnologiyalari dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaliklarida 179,1 ming gektardan ortiq maydonda qo‘llanilmoqda. Eng yaxshi sanoatbop navlar mazkur markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida yaratilgan bo‘lib, ular Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Vengriya, Polsha, Ruminiya, AQSh va boshqa mamlakatlarda ham ekilmoqda.
Keyingi yillarda dunyoda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik omillar seleksionerlar oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Ilmiy asoslangan, tajribada sinalgan, suv tanqisligi va qurg‘oqchil sharoitga moslashuvchan, har xil kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil navlarni ko‘paytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shu bois bog‘larga tejamkor texnologiyalarni tatbiq etib, tuproq unumdorligini oshirish, tog‘ va tog‘oldi hududlarda yangi bog‘-tokzorlar barpo etish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali choralari ustida ham izlanishlar davom etmoqda. Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti in–vitro laboratoriyasida 5 ming 600 dona gilosning K-5 yarim pakana payvandtagini ko‘paytirish hamda mevali ekinlar payvandtagini maxsus ozuqa muhitda parvarishlash texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Joriy yilda in–vitro laboratoriyasida virussiz intensiv ko‘chatlar (yong‘oq, nok, tok, shaftoli, o‘rik, bodom) payvandtaglarini ko‘paytirish bo‘yicha xorijiy grantlar mablag‘lari hisobiga zamonaviy issiqxona qurilishi rejalashtirilgan.