O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro patent tizimi tajribalari amaliyotga izchil joriy qilinmoqda

2017-05-18 | Jamiyat

Poytaxtimizda "Milliy va xalqaro patent tizimi. Elektron tarzda talabnomalar topshirish va patent jarayonlarini amalga oshirish" mavzuida mintaqaviy seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi va Jahon intellektual mulk tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mazkur xalqaro tashkilot vakillari, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Ukraina kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, oliy o‘quv yurtlari prorektorlari, patentshunoslar ishtirok etdi. 

Intellektual mulk agentligi bosh direktori Alisher Fayzullayev va boshqalar mamlakatimizda intellektual mulk huquqiga oid qonunchilikni isloh qilish jarayoni izchil amalga oshirilayotgani ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari va intellektual mulkning boshqa obyektlarini patentlash, ularni qonun doirasida himoya qilish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘layotganini ta’kidladi. Bu jarayonda jahon patent tizimi, intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha xalqaro tajriba izchil o‘rganilib, amaliyotga samarali tatbiq etilmoqda. 

Mazkur seminar ishtirokchilarni intellektual mulk tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil qilindi. Bu zamonaviy axborot texnologiyalariga tayangan holda patent tizimidagi xizmatlarni yaxshilash, milliy patent tizimining patent muhofazasini soddalashtirish, elektron tarzda talabnomalarni topshirish, qabul qilish va ko‘rib chiqishni joriy qilishda muhim ahamiyatga ega. 

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yili Jahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo bo‘lib kirdi. 1992-yili intellektual mulk huquqini himoya qilishning milliy tizimi yaratildi. Bu borada vakolatli davlat organlari tashkil etildi. O‘tgan davrda Patent kooperatsiyasi to‘g‘risida, Patent huquqi to‘g‘risidagi shartnomalar, Patent tadbirlari maqsadlari uchun mikroorganizmlarni deponentlashtirishni xalqaro e’tirof etish to‘g‘risidagi Budapesht shartnomasi, Xalqaro patent tasnifi to‘g‘risidagi Strasburg bitimi singari qator xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. 

Patent hamkorligi to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma 1970-yili Vashingtonda imzolangan, 1978-yil 1-iyundan kuchga kirgan. Shu kuni birinchi xalqaro talabnoma topshirilgan. Mazkur xalqaro shartnoma bo‘yicha shartnomaga a’zo davlatlarda bitta xalqaro patent talabnomasini topshirish orqali ixtironi patentlashni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud. Mamlakatimiz 1991-yili mazkur xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ma’lum qilishlaricha, so‘nggi besh yilda agentlikka ixtirolarni patentlashtirish yuzasidan 3 ming 800 dan ortiq talabnoma kelib tushgan. Davlat reyestrlarida 1 ming 160 ixtiro ro‘yxatga olingan. E’tiborlisi, talabnomalarning 1 ming 104 tasi Patent hamkorligi to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma bo‘yicha yuborilgan. Xususan, ularning 315 tasi AQSh, 143 tasi Shveytsariya, 129 tasi Yaponiya, 39 tasi Janubiy Koreya, 30 tasi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 

– O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar Vatani bo‘lgan, bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ mutaffakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan, – deydi Yevroosiyo patent idorasining ekspertiza bo‘limi direktori Dmitriy Rogojin. – Bugun O‘zbekistonda ana shu ilm-fan an’analari munosib davom ettirilmoqda. Bunda ixtirolarning xalqaro miqyosda tan olinishida Patent hamkorligi to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma katta imkoniyatlar beradi. Ushbu xalqaro hujjat talabnomalari bo‘yicha ish yuritish, elektron xizmatlar to‘g‘risidagi tajribamiz yuzasidan fikr almashdik. 

Seminarda xalqaro patent tizimi, Jahon intellektual mulk tashkilotining onlayn imkoniyatlaridan foydalanish, Yevroosiyo patent idorasining patent muhofazasi bo‘yicha mintaqaviy tizimi, elektron xizmatlar va mahsulotlar masalalari, milliy va xalqaro patent tizimlarini rivojlantirish muammolari, ularning yechimlari va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA

Поделиться