O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahalliy sanoatning yorqin namoyishi
2017-05-18 | Iqtisodiyot
Andijonda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan 350 dan ortiq yirik va kichik ishlab chiqarish korxonaci, xususiy tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Mamlakatimizda mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Mahalliylashtirish dasturi samarasida ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari rivojlanib, mahsulot turi va sifati oshmoqda, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Har yili o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yarmarkada avtomobilsozlik sanoatining yetakchi korxonasi bo‘lgan “GM O'zbekiston” qo‘shma korxonasiga butlovchi qismlar va jihozlar yetkazib beruvchi korxonalar alohida o‘rin egalladi. Ular tomonidan taqdim etilgan mahsulotlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
– Korxonamizda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha rusumdagi avtomobillar uchun yiliga 50 ming litr miqdorida bir necha turdagi sifatli antifriz ishlab chiqariladi, – deydi Oltinko‘l tumanidagi “Daegeon nev Tech” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi rahbari Z.Abdulahadov. – Keyingi yillarda korxonamizda Mahalliylashtirish dasturi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi va mahsulotimiz sifati tubdan yaxshilandi.
Avtomobilsozlik sanoatida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yildan-yilga kengaymoqda. Shahrixon tumanidagi “SDK Group And” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona ana shulardan biri.
– Korxonamizda avtomobil, traktor va sanoat uskunalari uchun 150 dan ziyod turdagi moy, havo va yoqilg‘i filtrlari ishlab chiqariladi, – deydi korxona bosh direktori A.Yunusov. – O‘tgan yili 24 milliard 661 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Mahsulotlarimiz ichki bozordan tashqari Rossiya, Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlariga ham eksport qilinmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar, korxonalarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida mahsulot turi va sifati oshmoqda. Buni yarmarkada namoyish etilgan sanoat, oziq-ovqat, trikotaj mahsulotlari, mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari misolida ham ko‘rish mumkin.
– Korxonamizda turli quvvatdagi energiya tejamkor lampalar ishlab chiqariladi, – deydi Andijon shahridagi “Oltin kuz plast servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari F.Ismoilov. – Energiya tejamkor lampalar nafaqat energiyani iqtisod qilishi, balki katta miqdorda iqtisodiy samara keltirishi bilan ham ahamiyatlidir. Joriy yilning birinchi choragida 250 million so‘mlikka yaqin mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hisobiga tayyorlanayotgan mahsulotlar, shuningdek, qator korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan namoyish etilgan o‘ziga xos dizayn va bejirim ko‘rinishdagi mebel hamda sifatli qurilish ashyolari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Zamonaviy texnologiyalar asosida eshik-rom, stol-stul, bolalar krovati, yotoqxona jihozlari, umuman, 100 dan ortiq turda mahsulot ishlab chiqaramiz, – deydi Andijon shahridagi “Anis gras” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari I.Rahmatullayev. – Mahsulotning aksar qismi buyurtma asosida tayyorlanadi. Joriy yilda mahsulotlarimizni qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Yarmarkada tashkilotlar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar mahsulot xarid qilish yuzasidan shartnomalar imzoladi. Tijorat banklari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bu borada ularga uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatdi. Yarmarka nafaqat ishlab chiqaruvchilar, balki ko‘plab chakana va ulgurji savdo korxonalariga ham qulay va manfaatli hamkorlik shartnomalari tuzish imkonini berdi.