O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablari
2017-05-18 | Jamiyat
Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 17-may kuni “Zamonaviy jahon arxitekturasi” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Toshkent shahar hokimligi tomonidan “SFI Management Group” kompaniyasining “Tashkent City Development” loyihasini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi. Unda daniyalik taniqli xalqaro me’mor, “Gehl Architects” kompaniyasi asoschisi Yan Geyl, poytaxtimizdagi loyihalash va qurilish ishlariga mas’ul mutaxassislar, me’morlar, sohaga oid oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Tojiyev va boshqalar mamlakatimizda shahar va qishloqlarning zamonaviy me’morlik qiyofasini shakllantirish, yo‘l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash, ko‘chalarda piyodalar harakati va transport vositalari qatnovini zamon talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 1-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahri yildan-yilga chiroy ochib, milliy me’morlik an’analari hamda dunyo arxitekturasi yutuqlarini uyg‘unlashtirgan yirik megapolisga aylanmoqda. Zamonaviy inshootlar, yo‘l va ko‘priklar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari aholiga keng qulaylik yaratmoqda. Buyuk Britaniyadagi nufuzli “Ekonomist” jurnali poytaxtimizni dunyodagi yashash uchun eng qulay 140 shahar orasida 58-o‘ringa loyiq topgani ham bejiz emas.
Bundan tashqari, poytaxtimizda yashil maydonlarni ko‘paytirish, havoning tozaligi va tabiiy dam olish maskanlariga yaqinlik kabi mezonlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Amir Temur xiyoboni poytaxtimiz ahli va mehmonlarining eng sevimli maskanlaridan biridir. Bu yerdagi sun’iy sug‘orish tizimi puxta o‘ylangani bois xiyobondagi gulzor va maysazorlar yozning jazirama kunlarida ham yam-yashil bo‘lib turadi. Poytaxtimizning ana shunday xiyobonlarida sayr qilish, toza havodan nafas olish, atrofdagi yashillik va mahobatli arxitektura yodgorliklarini tomosha qilish o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.
Shaharlar infrastrukturasi rivojlanishi, ularning yirik megapolislarga aylanishi aholi uchun yanada sifatli turmush darajasi, ayniqsa, piyodalar uchun, sayr qiluvchilar uchun zarur qulayliklar yaratishni talab etadi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda, sohada xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda. Ushbu anjuman ham shahar me’morchiligi loyihalarini amalga oshirishda aholining yaxshi yashashi va faoliyat olib borishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida jahon tajribasini o‘rganish maqsadida tashkil qilindi.
Yan Geylning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy jahon arxitekturasi odamlarning qulay yashashi va harakatlanishiga moslashtirilgan bo‘lishi lozim. Yashil maydonlarni ko‘paytirish, velosiped yo‘laklari tarmog‘ini va piyodalar zonasini rivojlantirish bu borada eng keng tarqalgan va samarali usullardandir. Infratuzilmasi tobora rivojlanib borayotgan shaharlar ko‘cha va maydonlarini piyodalarga qaytarish zarur, boshqacha aytganda, avtomobillarning to‘xtab turish joylari, ularning tirbandligi aholi hayoti uchun noqulayliklar tug‘dirmasligi lozim.
– Toshkent yam-yashil xiyobonu maydonlarga, bog‘-rog‘larga boy shahar ekanini alohida ta’kidlashni istardim, – dedi Yan Geyl. – Bu aholi uchun yanada qulay va sifatli turmush sharoitini yaratishga xizmat qiladigan omillardan. Shaharlarning aholi uchun qulay tarzda barpo etilishi mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi. Zero, har qanday odam turmush tarzida, ko‘chalarda harakatlanishi jarayonida qulaylikka intiladi.
Daniya Qirolligi Nafis san’at akademiyasining me’morlik bo‘yicha faxriy magistri, shahar arxitekturasi bo‘yicha me’mor va maslahatchi Yan Geyl Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melburn kabi yirik shaharlar ko‘chalari va jamoat joylarini qayta qurishga oid loyihalari uchun ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lgan. Arxitektor 50-yillik faoliyati davomida shaharlarda aholi uchun ko‘rkam va qulay jamoat hududlarini yaratishga ulkan hissa qo‘shgan. 2007-yilda Nyu-York transport departamenti Yan Geyl bilan hamkorlikda piyodalar va velosipedchilar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirgan. Xalqaro me’mor Nyu York, London va Moskva shaharlarida jamoat joylarini aholi uchun qulaylashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqqan. Uning muallifligidagi 6 kitob 35 tilga tarjima qilingan.
Tadbir davomida Yan Geyl shaharlar arxitekturasini rivojlantirishda inobatga olinishi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Yan Geyl rahbarligidagi delegatsiya Toshkent metropoliteni, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, Hazrati Imom (Hastimom) majmui, Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘ldi.