O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Korrupsiyaga qarshi kurashish kuchaymoqda

2017-05-17 | Jamiyat

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sohadagi islohotlarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. 2010-yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qo‘shilgan. 

2017-yil 3-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani shu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari mustahkamlangan. Vakolatli organlar tizimi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, xalqaro hamkorlikka oid qoidalar belgilangan. 

2017-yil 2-fevralda Prezidentimizning «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unga muvofiq 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi. Bosh prokuror rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi shakllantirilib, uning nizomi tasdiqlandi. 

Bosh prokuratura Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining ishchi organi etib belgilangan. Komissiya tarkibiga mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, umumiy hisobda 43 nafar a’zo kiritilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining dastlabki yig‘ilishida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ijrosi bo‘yicha komissiya a’zolarining vazifalari aniq belgilab olindi. Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat natijalarini televideniye, radio, bosma va elektron OAV orqali, shu jumladan, mavzuga bag‘ishlangan dasturlarni, intervyularni, muhokamalarni, matbuot konferensiyalarini va boshqa tadbirlarni doimiy ravishda tashkil etish yo‘li bilan yoritish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilandi. 

Davlat organlari xodimlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa maqsadli guruhlarni jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida o‘quv-seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkazish jadvali tasdiqlandi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari va xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan kompleks tadbirlar ishlab chiqildi. 

Korrupsiyaning holati va tendensiyalarini tizimli tahlil qilishga hamda idoralararo hamkorlik va ma’lumotlar almashinuviga asoslangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari ishini samarali tashkil etish yuzasidan kompleks hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xodimlar tayyorlashga doir amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Bundan tashqari, barcha mutasaddi vazirlik va idoralarga kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan zarur tadbirlar yuzasidan aniq muddatlarni ko‘rsatgan holda vazifalar yuklatildi. 

Amalga oshirilayotgan ushbu tadbirlar davlat organlari faoliyatida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash, turli korrupsiya ko‘rinishlariga chek qo‘yishga zamin yaratadi. Fuqarolar va davlat organlari mansabdor shaxslari huquqiy madaniyatining oshishiga, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Поделиться