O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonlik bolalar Turkmanistonda dam oladi
2017-05-17 | Jamiyat
Turkmanboshi shahri xalqaro aeroportida Avaza milliy sayyohlik zonasiga dam olish uchun kelgan bir guruh o‘zbekistonlik bolalarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi O‘zbekiston Milliy axborot agentligining hamkori Turkmaniston davlat axborot agentligi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan shu yil may oyi boshida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida bildirilgan taklifga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva rahbarligidagi delegatsiya Turkmanistonga tashrif buyurdi.
May oyi boshida bo‘lgan telefon orqali muloqotda Turkmaniston Prezidenti Kaspiy qirg‘oqlaridagi ekologik toza bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan qariyb 100 nafar boladan iborat guruh “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markaziga yetib keldi.
Maktab o‘quvchilariga uslubchilar, O‘zbekiston Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari, “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi a’zolari va jurnalistlar hamrohlik qilmoqda.
Avazada yosh mehmonlar uchun sayohatlar, musiqiy va sport tadbirlari, yengil atletika va suzish bo‘yicha musobaqalar, ijodiy tanlovlar, yosh bilimdonlar o‘rtasida viktorina va bellashuvlar, badiiy kechalar tashkil etilishi kutilmoqda. O‘zbekistonlik o‘quvchilar Avaza sayyohlik zonasida 25-mayga qadar bo‘lishadi.