O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mo‘ynoq sanoati rivojlangan obod tumanga aylanadi

2017-05-16 | Iqtisodiyot

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, davlat soliq boshqarmasi, Markaziy bank va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik, birlashma, korxona va tashkilotlar vakillari, xorijiy sarmoyadorlar, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari M.Sodiqov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari A.Qaypbergenov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududni obodonlashtirish va aholi farovonligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-fevraldagi 2017-2018-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Mazkur hujjatga asosan tumanda to‘qimachilik, tayyor trikotaj mahsulotlari, tomchilab sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, plastmassa quvurlar, elektrotexnika va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, baliqchilikni rivojlantirish va baliq mahsulotlari tayyorlash, farmatsevtika uchun yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo bazasini mustahkamlash, sayyohlik xizmatini taraqqiy ettirish bo‘yicha 72 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Keyingi ikki yilda Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, 52,3 milliard so‘m va 990 ming dollarga teng bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 ming 343 yangi ish o‘rni yaratiladi. Xususan, sanoat sohasini rivojlantirishga qaratilgan 30,2 milliard so‘mlik 28 loyiha doirasida 958 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Qishloq xo‘jaligiga kiritiladigan 4,9 milliard so‘mlik investitsiya evaziga 16 loyiha amalga oshirilib, 103 yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Orol dengizi tarixi va bugungi ahvoli, dunyo miqyosidagi ahamiyatini keng targ‘ib etish maqsadida sayyohlik xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun 17,2 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 28 loyiha amalga oshiriladi. Bu 280 dan ortiq kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi. 

Eski Mo‘ynoq konserva zavodi hududidan 16 gektar, eski 5-qurilish boshqarmasi hududidan 4,5 gektar maydonda “Mo‘ynoq kichik sanoat zonasi” tashkil etilib, elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

– Prezidentimizning maxsus qarori asosida Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz, – deydi nukuslik tadbirkor, “Abdikarim universal invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ablakimov. – Bankning 80 million so‘mlik imtiyozli krediti hisobidan bu yerda kuniga 1 ming 500 dona non ishlab chiqarish quvvatiga ega novvoyxona, shuningdek, sartaroshxona va hammom kabi maishiy xizmat shoxobchalari qurib, o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratmoqchimiz. 

– Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, “Adil-Orol tekstil” korxonasini tashkil etdik, – deydi tadbirkor Parvoz Yerejepova. – Kasb-hunar kollejini bitirgan 6 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Kelgusida ishchilar sonini 30 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, paypoq ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. 

Biznes-forumda Mo‘ynoq tumanida tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Qarorga muvofiq, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yilning 1-aprelidan 2027-yilning 1-yanvariga qadar sanoat sohasida tashkil etiladigan mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi. 

Mo‘ynoq tumanining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday ezgu ishlar samarasida 2019-yilda tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,6-marta, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 1,5, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 1,3, xizmat ko‘rsatish 1,7-martaga o‘sishi kutilmoqda.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA

Поделиться