O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda Xitoy bilan hamkorlikda beshta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda
2017-05-16 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz rahnamoligida chet el investitsiyalarini jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.
Buxoro viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda 5 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Buxoro brilliant silk” korxonasida pillani qayta ishlab tayyorlanayotgan ipak tola kalavasi jahon bozorida xaridorgir. Mahsulotning asosiy qismi xorijlik buyurtmachilarga jo‘natilmoqda. O‘tgan yili Hindiston, Eron, Turkiya va Vetnam mamlakatlariga 2,5 million dollarlik ipak tola eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada qayta ishlangan turli o‘lcham, ko‘rinish va rangdagi matolar buyurtmachi taklifi va bozor talabi asosida tayyorlanmoqda. “Bahor”, “Yomg‘ir”, “Yulduzlar” kabi o‘nlab ko‘rinishdagi matolarga bosilgan gullarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning rangi o‘chmaydi, suv va quyosh nuriga chidamli. Matolar ekologik toza, har qanday iqlimga mos.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 10-mart kuni Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bir qancha loyihalar bilan tanishib, “Buxoro brilliant silk” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishar ekan, bunday korxonalarni ko‘paytirish zarurligi hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish lozimligini ta’kidladi. Ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
– Biz Prezidentimiz ko‘rsatmasi asosida mato ishlab chiqarish sexini yanada kengaytirish rejasini amalga oshirishga kirishdik, – deydi “Buxoro brilliant silk” qo‘shma korxonasi direktori o‘rinbosari M.Qodirov. – "O‘zsanoatqurilishbank” Buxoro viloyati filiali tomonidan ajratiladigan 8 million dollar miqdoridagi kredit uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Bu mablag‘ hisobiga seximizda xorijdan keltiriladigan unumdorligi yuqori 10 zamonaviy to‘quv dastgohi hamda matoni pardozlash va bo‘yash uskunalari o‘rnatiladi. Loyiha tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 2 barobar oshirishni ko‘zda tutadi. Bu nafaqat ichki bozorni, shu bilan birga, xorijlik buyurtmachilar ehtiyojini ham qondirish imkonini beradi. Shuningdek, bu yerda yirik tikuvchilik sexi tashkil etiladi. Bu yana ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi, eksport salohiyati yanada oshadi, demakdir.
Vobkent tumanidagi kir yuvish vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bahor plastiks” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ham samarali faoliyat yuritmoqda.
Korxona sexlari zamonaviy jihozlangan, mahsulot sifati xalqaro standartlarga to‘la javob beradi.
– O‘tgan yili umumiy qiymati 57 milliard so‘mlik kir yuvish vositalari ishlab chiqarildi, – deydi “Bahor plastiks” qo‘shma korxonasi ijrochi direktori S.Latipov. – Mamlakatimizning turli hududlaridan tushgan buyurtmalar o‘z vaqtida bajarilmoqda. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga 293,3 ming dollarlik mahsulot eksport qildik.
Korxona jamoasining joriy yilgi marralari yanada yuqori. Buyurtma portfeliga muvofiq, korxonada 63 milliard so‘mlikdan ziyod kir yuvish vositalari ishlab chiqariladi. Chet ellik buyurtmachilar bilan 2 million dollarlik shartnoma tuzildi.
Eksportchi subyektlarga davlatimiz tomonidan berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari ularga aylanma mablag‘ini ko‘paytirish imkonini berayotir. Bu esa ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.