O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dang‘ara tumanidagi tekstil korxonasida yangi tarmoq ishga tushirildi, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi
2017-05-16 | Iqtisodiyot
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi “Ayubxon tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yangi tarmoq ishga tushirildi.
Korxonada tayyorlanayotgan erkaklar va bolalar ko‘ylagi o‘ziga xos dizayni va yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Tumandagi bo‘sh bino investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan "nol" qiymatda korxonaga berildi. 800 million so‘mlik investitsiya evaziga zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan yangi tarmoqda 100 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Yangi tarmoqning ochilishida Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada kengaytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik, – deydi jamiyat rahbari Dilshoda Usmonova. – Buning samarasida mahsulot sifati yanada yaxshilanib, ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar ortdi. Ish o‘rinlari ham ko‘paydi. Yaqinda paxtadan ip-kalava ishlab chiqargan holda zarur xomashyoni ham korxonaning o‘zida tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu mahsulot tannarxining yanada arzon bo‘lishiga imkon yaratadi.
Yangi tarmoqning ochilishida Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.