O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda bojxona sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2017-05-16 | Jamiyat
So‘ngi yillarda respublikamizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatchilikga qarshi kurashish, davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyasini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyat bugungi kunda o‘zining muayyan samarasini bermoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Xuquqbuzarlik profilaktikasi to‘g‘risida”gi 2014 yil 14 may kuni O‘RQ-371-son Qonuni qabul qilinganligi alohida ahamiyatga egadir.
Tadbirkorlik subyektlari hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularga qonun bilan belgilangan normalarni yetkazish, bojxona xizmati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlardagi yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida tushuntirishlar berish maqsadida, Namangan viloyati bojxona boshqarmasida navbatdagi ochiq muloqot tarzidagi seminar tashkil etildi.
Unda, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i O.Xojimatov raislik qilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasidan Markaziy bojxona laboratoriyasi vakili O.A.Xasanov, hududiy bank, soliq idoralari, “Namangan ekspertiza” tashkiloti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Seminar davomida, huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi Qonun talablari, TIF sohasida xuquqbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy vazifalari yuzasidan tushunchalar berilishi bilan birga, tadbirkorlik subyektlarini hamda xususiy mulkni himoya qilish borasida Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar va bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yetkazildi.
Shuni takidlash joizki, mazkur Qonunga asosan 2017 yilning o‘tgan davri davomida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan 20 nafardan oshiq tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari, xodimlari hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga nisbatan ma’muriy ishlar yuritish tugatilib, olingan ashyolarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish imkoniyati va ma’muriy jarimalardan ozod bo‘lishlariga sabab bo‘lgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ma’ruza bilan chiqish qilindi hamda bojxona organlarida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, sohadagi me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar o‘rganib chiqildi.
Xulosa o‘rnida, yuqorida nazarda tutilgan qonun va qonun osti hujjatlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, aholini barqaror va sifatli ish bilan ta’minlash, odamlar turmush sifatini va darajasini yanada yaxshilash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustaxkamlashga xizmat qilishi ko‘rsatib o‘tildi.