O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda turizm rivoji uchun qo‘shimcha sarmoya imkoniyatlari tahlil qilindi
2017-05-16 | Jamiyat
Payariq tumani hokimligida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mutasaddi tashkilotlarning rahbar va vakillari, tadbirkorlik subyektlari va OAV vakillari ishtirokida «Mamlakat iqtisodiyotining stratetegik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish» mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Salixov uchrashuvni ochib, O‘zbekiston – turizm sohasida ulkan salohiyatiga ega bo‘lgan davlat bo‘lib, yurtimizda turizmni rivojlantirishning imkoniyatlari keng ekanligini qayd qilib o‘tdi.
Turizm iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi hisoblanib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi bandligini ta’minlashga, xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishligi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki berishini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv qatnashchilariga, O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarida turizmni rivojlantirish borasida yaratilgan qulayliklar, shart-sharoitlar yuzasidan ma’lumot taqdim etildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining turizm soxasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2016 yil 2 dekabrdagi PF-4861-son Farmonining mazmun-mohiyati yetkazilib, ushbu normativ-huquqiy hujjat asosida bojxona nazoratini soddalashtirish o‘rta muddatli istiqbolda turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadli vazifalari va ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganligini ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, ushbu Farmon bilan «yashil yo‘lak» bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning, transport xizmati ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish yuzasidan berilgan topshiriqlarning ijorosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.
Xususan, sayyohlarni tez va sifatli bojxona nazoratidan o‘tkazishni ta’minlash borasida «Samarqand» xalqaro aeroportining bojxona zonasida yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar bilan birga yo‘lovchilarga taqdim etilgan axborotlarni qayd qildi.
O‘tkazilayotgan tahlillar, Samarqandga kelayotgan sayyohlarni soni sezilarli darajada ortib borayotganligini ta’kidlab, Yaponiya davlatidan 2016 yilda jami bo‘lib 928 nafar sayyohlar Samarqandga tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilning to‘rt oy ichida ushbu davlatdan kelgan sayyohlarning soni 694 tani tashkil etganligini, bu ko‘rsatkich joriy yilning yakuni bo‘yicha 2,5 mingdan ortiq bo‘lishi kutilayotganligini qayd qilib o‘tdi.
Bojxona boshqarmasi xodimlaridan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan sayyohlarni tezkorlik bilan bojxona nazoratdan o‘tkazish va rasmiylashtiruvini tashkil etishda, xavfsizlikni ta’minlash borasida sinchkovlik bilan bojxona nazoratini amalga oshirish talab etilishini ta’kidlab o‘tdi.
Turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mutasaddi tashkilotlar tomonidan sayyohlarga oldindan bojxona chegarasi orqali harakatlanishni tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablari yuzasidan tushuntirish berishlari maqsadga muvofiq bo‘lishligini ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan DBQ Nazorat-taftish boshqarmasi boshliq o‘rinbosari F.Karimov, turizm yo‘lanishida bojxona to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 20 martda ro‘yxatga olingan 2436-sonli qarori asosida tasdiqlangan ro‘yxat asosida, turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yuridik shaxslar tomonidan haydovchi bilan birga 30 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan, Yevro 3 va undan ortiq standartlarga mos keladigan avtobusni (ishlab chiqarilganligiga 3 yildan ortik bo‘lmagan) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinganda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinganligini qayd qilib o‘tdi.
Uchrashuvda Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i I.Suvonov, Samarqand viloyati hududida turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida yaqin yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.
Uchrashuv, sayyor qabul davomida Payariq tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan berilgan bojxona sohasi bo‘yicha o‘zini qiziqtirgan savollari yuzasidan viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Salixov va boshqarmaning muayyan sohalariga mas’ul bo‘lgan xodimlari me’yoriy hujjatlarga asoslangan javob, tushuntirishlar berishdi.