O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sog‘lom ayol – sog‘lom avlod

2017-05-16 | Sport

Poytaxtimizda 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan xotin-qizlar o‘rtasida velotur o‘tkazildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, mamlakatimiz velosport federatsiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi singari qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan musobaqada mingdan ortiq xotin-qiz – idora va tashkilotlar ishchi-xodimlari, uy bekalari, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari talaba va o‘quvchilari ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jo‘rayev va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ular o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, ularning sportga qiziqishini yanada oshirish doimiy e’tiborda. 

Oilalarni mustahkamlash, ularda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda sportning ahamiyati katta. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bu borada qator tadbirlar, sport musobaqalari, festivallar muntazam tashkil etilmoqda. 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan "Sog‘lom ayol – sog‘lom avlod" shiori ostidagi respublika veloturi ham oilalar, xususan, xotin-qizlar salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. 

Musobaqada ishtirokchilar uchta yosh toifasidagi (18-31, 31-45, 46 va undan yuqori) guruhlarda g‘oliblik uchun bahslashdi. 

– Bugungi tadbirda g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Hilola Dilmurodova. – Bunday tadbirlar jamiyatda sog‘lom muhit barqarorligi, yoshlarning, ayniqsa, kelajakda oila bekasi, ona bo‘ladigan qizlarning salomatligini mustahkamlash, ularning jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lishida katta zamin yaratadi. 

– Yoshim qirqda, uch farzandim bor, – deydi musobaqa ishtirokchisi, ohangaronlik Dilnoza Begimboyeva. – O‘zim tibbiyot sohasida ishlaganim uchun jismoniy tarbiya va sportning inson salomatligida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun o‘zim ham, farzandlarim ham sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmaymiz. Bugungi tadbir aholi, ayniqsa, yoshlarning, oilalarning sog‘lom bo‘lishini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. 

Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA

Поделиться