O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi
2017-05-16 | Madaniyat
Mamlakatimiz barcha qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniy-gumanitar tadbirlar faollashgani buning yaqqol dalilidir.
Joriy yilning aprel oyida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari milliy ko‘rgazmasi tojikistonliklarda katta qiziqish uyg‘otgan edi. 9-13-may kunlari ushbu mamlakatda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan xabar berishlaricha, mamlakatimiz delegatsiyasi Dushanbe xalqaro aeroportida karnay-surnay bilan kutib olingan. Madaniy tadbirda “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, O‘zbekiston xalq artistlari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, xalqaro tanlovlar g‘oliblari, “O‘zbekiston” ashula va raqs ansambli ishtirok etgan.
Madaniyat kunlarining ochilish marosimi 10-may kuni S.Ayniy nomidagi davlat akademik opera va balet teatrida bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikiston hukumati a’zolari, Madaniyat vazirligi va diplomatik korpus vakillari, madaniyat va san’at arboblari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Teatr foyyesida O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan “Zamonaviy O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.
“Kohi Navro‘z” majmuasida bo‘lib o‘tgan “Ota” va “Oyqiz ertagi” badiiy filmlari namoyishi ham tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Dushanbe shahri bilan bir qatorda Qo‘rg‘ontepa va Tursunzoda shaharlarida ham konsert dasturlari o‘tkazildi.
Tojikiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Tojikiston madaniy aloqalari hamda O‘zbekiston madaniyati kunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston madaniyati kunlari Tojikiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
O‘zbekiston madaniyati kunlari asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.