O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbek paxtachiligida genetik xaritalash

2017-05-16 | Iqtisodiyot

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Bu tabiiy va sifatli tolaga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu bois olimlarimiz oldiga markerlarga asoslangan seleksiya (MAS) kabi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab, g‘o‘zaning tola sifati yuqori, serhosil, turli zararkunanda va kasalliklarga chidamli yangi navlarini qisqa muddatlarda yaratish vazifasi qo‘yilmoqda.

Bu boradagi vazifalarni bajarishda mamlakatimizda genomika va bioinformatika fanlarining rivojlanishiga qaratilayotgan alohida e’tibor qo‘l kelmoqda. Ta’kidlash joizki, bu sohada dunyo fanida o‘z o‘rniga ega nufuzli ilmiy maktab va muhit shakllantirildi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilib, keng miqyosda xalqaro ilmiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi.  

Dunyoda g‘o‘za maydonining 95 foizdan ortiq qismiga o‘rta tolali, 3 foizga yaqin qismiga ingichka tolali navlar ekilmoqda. O‘rta tolali g‘o‘za serhosil va ertapishar hisoblanadi. Lekin uning tola sifati o‘rtacha. Ingichka tolali g‘o‘za navlarida tola sifati mayinligi, o‘ta pishiqligi bilan ajralib turadi. Biroq, ushbu tur g‘o‘za navlari hosili ozligi va kechpisharligi sababli dunyoning iqlimi issiq o‘lkalaridagina yetishtiriladi. 

G‘o‘zaning xromosomasi  qaysi liniya bilan almashtirilsa, o‘sha turga xos belgi xususiyatlarga ega bo‘ladi. Biz qo‘llagan tajribada liniyalar o‘rta tolali g‘o‘za turiga mansub bo‘lib, ularning har birida ingichka tolali g‘o‘zaning bir juft xromosoma yoki bo‘laklari mavjud. Xromosomasi almashtirilgan liniyalar turlararo duragaylashishdagi ko‘pgina qiyinchiliklarni bartaraf etishda qimmatli donor hisoblanadi.  Zero, bunday tajriba samarasida tola chiqimi boshlang‘ich materiali bo‘lgan liniyaga nisbatan 2-6 foizgacha oshib, tola uzunligi va mayinligi sezilarli darajada ortmoqda.  

Olimlar oldiga mana shunday qimmatli belgilarni o‘zida tutgan xromosomasi almashtirilgan liniyalari bilan mahalliy g‘o‘za navlarini duragaylab, qimmatli xo‘jalik belgilarga javobgar bo‘lgan genlarni xaritalashda muhim bo‘lgan populatsiyalarni yaratish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu ilmiy topshiriqqa binoan bu liniyalar bilan mahalliy "An-Boyovut-2" g‘o‘za navini duragaylashga erishdik. O‘tgan yili markazimizda dunyo paxtachiligida birinchilardan bo‘lib xromosomasi almashtirilgan liniyalarga xos bo‘lgan 1 ming 500 ga yaqin rekombinant inbred liniyalarni o‘z ichiga olgan o‘ndan ortiq populatsiya yaratishga muvaffaq bo‘ldik. 

Mazkur populatsiyaning irsiyati mingga yaqin DNK markerlari yordamida tadqiq qilindi. Natijada tolaning muhim sifat belgilari – uzunligi, pishiqligi va cho‘ziluvchanligiga javobgar bo‘lgan o‘nga yaqin gen yig‘indisi yoki irsiyatning muhim bo‘laklari bilan genetik birikkan bir qator DNK markerlarini aniqlashga erishdik.  

Olingan natijalarni g‘o‘zaning MAS dasturiga qo‘llab, tola sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘zaning yangi navlarini yaratishda qimmatli qurilma sifatida foydalanish mumkin. Mazkur populatsiyalar kelgusida yurtimizning turli iqlim sharoitida tadqiq qilinib, qator qimmatli xo‘jalik belgilarga aloqador bo‘lgan genlarni aniqlashda noyob genetik material hisoblanadi. 

Genetik xaritalash natijasida olinadigan xulosalar g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish jarayonini jadallashtiradi. Aslida yangi nav yaratishning an’anaviy usuli uchun o‘rtacha 15-20-yil kerak. Endi markerlarga asoslangan seleksiya ko‘magida bu muddatni ikki marotaba qisqartirish imkoniyati mavjud. Demak, o‘zbek paxta tolasining dunyo bozoridagi nufuzi yanada oshadi.

Поделиться