O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bitiruvchilar bandligi – doimiy e’tiborda
2017-05-16 | Iqtisodiyot
Namanganda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 125 tadbirkorlik subyekti tomonidan 700 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi.
Viloyat hokimligi, viloyat mehnat bosh boshqarmasi hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 1000 ga yaqin bitiruvchi ishtirok etdi. Yarmarkada ijtimoiy muhofaza, mehnat qonunchiligi, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan imkoniyatlar, viloyatdagi zamonaviy korxonalar, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash muassasalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlarni ushbu soha bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi viloyat mehnat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i S.Rizayev. – Bugungi tadbirda ham 17 bitiruvchiga taqdim qilgan biznes rejasi uchun 180 million so‘mdan ziyod imtiyozli bank krediti olish xuquqini beruvchi sertifikat topshirildi. 16 bitiruvchiga 144 million so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratildi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan sanoat, qurilish korxonalari kabi xo‘jalik yurituvchi subyektlar mini-texnologiyalari va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari ko‘rgazmasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– “Namanganmash” aksiyadorlik jamiyati bilan mehnat shartnomasi tuzdim, – deydi Namangan sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi B.Ahmadxonov. – Bitirishim bilan ishli bo‘layotganimdan men ham, uyimdagilar ham xursand.
Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 108 kasb-hunar kollejini 35 ming 200 dan ziyod o‘g‘il-qiz bitiradi. Ularni ish bilan ta’minlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar asosida izchil ishlar olib borilayotir. Viloyat mehnat bosh boshqarmasi, tuman, shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir bitiruvchiga uning bo‘lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash maqsadida idora va tashkilotlar vakillari mas’ul etib biriktirilgan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasida yilning birinchi choragida bitiruvchilarning 98 foizi bilan to‘rt tomonlama shartnoma rasmiylashtirilgan.
Bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish maqsadida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan 19 milliard 880 million so‘mdan ziyod imtiyozli kredit ajratilishi rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 2 ming 575 bitiruvchining ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Shunga asosan yilning birinchi choragida 535 bitiruvchining biznes loyihasi 6 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli bank krediti bilan moliyalashtirildi.
Yarmarkada ko‘plab yoshlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.