O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zaro ishonch va mustahkam do‘stlikka asoslangan hamkorlikning yuksak natijalari
2017-05-16 | Siyosat
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2017-yil 11-13-may kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari 13-may kuni Pekin shahrining Tyananmen maydonidagi Xalq qahramonlari yodgorligi poyiga gul qo‘ydi, qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi. Unda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda XXRning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, neft-gaz va telekommunikatsiya tarmoqlari, transport, to‘qimachilik, sayyohlik, qurilish, kimyo sanoatida va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Bu yerda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotgan ishbilarmonlarni ko‘rib turganimdan xursandman, dedi davlatimiz rahbari. Biz xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Xitoy biznes subyektlari O‘zbekistondagi ko‘plab yangi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ishtirok etmoqda.
Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritganini alohida ta’kidlash lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Szen Chju, «COFCO» korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Chjao Shuanlyan, Xitoy davlat taraqqiyot banki vitse-prezidenti Chjan Syuguan, Xitoy Eksimbanki vitse-prezidenti Sun Pin, "Poly Technologies Inc" kompaniyasi bosh direktori yordamchisi Myao Szechun va boshqalar O‘zbekiston bilan hamkorlik yuqori natijalar berayotgani, bundan keyin ham o‘zaro aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszyan bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Sizning tashrifingiz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni yuqori bosqichga ko‘tarishiga ishonamiz, dedi Chjan Detszyan.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan bilan ham uchrashdi.
Li Ketsyan Prezidentimizning ushbu tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Xitoy bilan do‘stlik aloqalarini qadrlashini, mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani xalqlarimiz manfaatlariga mos ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Van Ilinni qabul qildi.
Mazkur korporatsiya mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash jarayonida faol ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar ijrosining istiqbollari va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Xitoy sarmoyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi. Uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy, ekologik toza va samarador texnologiyalar joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada keng ko‘lamda davom ettirish, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasi Eksport-import banki boshqaruvi raisi Xu Syaolyan xonim bilan uchrashdi.
Mazkur bank kreditlari evaziga mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va boshqa sohalarda qator loyihalar amalga oshirilgan. Davlatimiz rahbari o‘zaro ishonchga asoslangan va ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston bank tizimi yuksak darajada barqaror va ishonchli bo‘lib, bu jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida yaqqol o‘z tasdig‘ini topdi.
Xu Syaolyan Xitoy O‘zbekiston bilan investitsiyaviy aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida oliy darajadagi hamkorlik qo‘mitasi tuzish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Bu bilan ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun ishonchli institutsional asos yaratiladi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonot imzolandi.
Tashrif davomida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi 100 dan ziyod hujjat imzolandi. Erishilgan kelishuvlar doirasida ko‘plab salmoqli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ularning umumiy qiymati 23 milliard AQSh dollaridan oshadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz delegatsiyasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom va mehmondo‘stlik uchun Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga minnatdorlik bildirdi va uni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-15-may kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» forumida ishtirok etdi.
Forumni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochdi. Xitoy rahbari forumda ishtirok etayotgan barcha davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirib, mazkur loyihaning ahamiyati, maqsad va vazifalari haqida so‘zladi.
Forumda 30 ga yaqin mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda BMT Bosh kotibi, Jahon banki prezidenti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
«Bir makon, bir yo‘l» har bir davlatning o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirish, savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng yo‘l ochadi.
Forumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari mazkur forumning ahamiyati, uni takomillashtirish va rivojlantirish masalalari haqida to‘xtaldi.
Biz tabiiy, ishlab chiqarish va inson resurslariga g‘oyat boy bo‘lgan mintaqamizda transport, savdo, investitsiya, energetika va yuksak texnologiyalar sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutamiz, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Ikkinchi muhim masala – Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bog‘laydigan transport-logistika yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan kompleks harakatlar dasturi ishlab chiqishdan iboratdir, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. Xorijiy sarmoyadorlarning faol va erkin ish yuritishi uchun keng qulayliklar yaratilgan. Bunday imtiyoz va imkoniyatlar xorijlik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini tobora oshirmoqda.
Turli mintaqalarning o‘zaro aloqalarida Buyuk ipak yo‘li beqiyos ahamiyat kasb etgan. Buyuk ipak yo‘li nafaqat hududlar o‘rtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki davlatlar va qit’alar o‘rtasida axborot almashuvini ta’minlashga ham xizmat qilgan, yangi mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi ekinlari tarqalishida, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajargan va shu tariqa sivilizatsiyalararo muloqot uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Bugun ushbu yo‘lning qayta tiklanishi deb baholanayotgan «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo va investitsiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay jo‘g‘rofiy joylashuvi, zamonaviy transport kommunikatsiyalari, sarmoya jalb etish bo‘yicha puxta va ishonchli strategiyasi ko‘plab davlatlar ishbilarmonlarining hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi.