O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Boysun tumanida an’anaviy "Boysun bahori” folklor festivali bo‘lib o‘tdi

2017-05-15 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida 13-14-may kunlari xalqimizning ko‘p ming yillik milliy an’ana va qadriyatlari ifodasi bo‘lgan "Boysun bahori” folklor festivali bo‘lib o‘tdi. 

Boysun tog‘ tizmalariga tutash Oqtoshota adirlarida mayin shabada esmoqda. Qadimiy o‘tovlar ajdodlarimiz necha ming yillar asrab-avaylab kelgan xalq amaliy san’ati namunalari bilan bezatilgan. “Boysun bahori” folklor festivali va milliy ma’naviy merosimiz aks ettirilgan pannolar o‘rnatilgan. O‘zbekistonimizning turli hududlariga xos nafis va noyob madaniy merosni keng tarannum etish istagida festivalga kelgan folklor jamoalari, baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar uchun sahnalar barpo etilgan. Ulkan elektron monitorda milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz, yurtimizdagi tinch va farovon hayot aks ettirilgan lavhalar namoyish etilmoqda. 

Tog‘ archasi, shifobaxsh giyohlar, turfa rang gullar hidi ufurib turgan yashil adirlik uzra chorlov musiqasi yangraydi. 

Festivalning ochilish marosimida mamlakatimizda madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash, qadimiy merosimizni, xususan, xalq ijodi an’analarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bunday ezgu ishlar ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan xalq amaliy san’ati, xalq og‘zaki ijodi singari nomoddiy madaniy meros durdonalarining hayotimizdan mustahkam o‘rin egallashida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. 

Surxondaryo – ana shunday boy va betakror madaniy merosga ega vohalardan. Bunda Boysun tumanining moddiy va nomoddiy madaniyati muhim o‘rin tutadi. Noyob qadriyatlari, hudud tabiatiga xos rang-barang liboslari, doston va laparlari, sehrli chanqovuz ohanglari bilan qadimdan mashhur bo‘lib kelgan Boysun 2001-yilda YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etilib, 2008-yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. 2002-yil may oyida qator davlatlardan kelgan xalq ijrochilari ishtirokida birinchi marta “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o‘tkazildi. 

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan folklor jamoalarining 200 dan ortiq vakili o‘z hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qo‘shiqlar bilan ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov. – Nomoddiy madaniy merosimizning eng yorqin va noyob durdonalari o‘rin olgan mazkur dasturlarda xalqimizning azaliy orzu-intilishlari, sadoqat, vafo va mardlik kabi olijanob fazilatlari o‘z ifodasini topgan. O‘tgan yillarda tashkil etilgan festival doirasida xalqimiz tarixi va madaniyatini o‘rganish, uning boy merosini asrab-avaylashga bag‘ishlangan tadbirlar jarayonida tarixchi, arxeolog, filolog, etnograf olimlar, hunarmandlar tomonidan 50 ga yaqin noyob yodgorlik aniqlangan. 

Go‘zal tabiat qo‘ynida tashkil etilgan do‘stlik, hamjihatlik va san’at bayramida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Shu’la”, Andijon viloyatining “Gulruh”, Buxoro viloyatining “Xo‘jai jahon”, Jizzax viloyatining “Gashtak”, Navoiy viloyatining “Karmana yulduzlari”, Namangan viloyatining “Yallama yorim”, Samarqand viloyatining “Sarbozi”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, “Jayxun”, Toshkent viloyatining “Shosh navolari”, Toshkent shahrining “Durdona”, Farg‘ona viloyatining “Quva navolari”, Xorazm viloyatining “Avazxon”, Qashqadaryo viloyatining “Rizvongul” kabi folklor jamoalari tayyorlagan maxsus dasturlar barchada katta taassurot qoldirdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari baxshi-shoirlari, oqin va jirovlari kuylagan xalq dostonlari, laparu o‘lanlari qadim Boysun tog‘lariga Alpomishu Barchinoylar aytishuvlarini qaytargandek bo‘ldi. 

– Festival bo‘layotganini eshitib, farzandu nabiralarni olib kelaverdik, – deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘ltepa mahallasida yashovchi Chorshanbi Xolmo‘minov. – Bu yerga tikilgan turli-tuman o‘tovlar, ajdodlarimizdan meros qadimiy hunarmandlik buyumlari, noyob cholg‘u asboblari ko‘rgazmalarini qishlog‘imiz yoshlari bir ko‘rib qo‘ysin, dedik-da. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan folklor jamoalarining dasturlarini miriqib tingladik, tomosha qildik. Necha ming yillardan buyon xalqimiz ardoqlab kelayotgan nomoddiy durdonalar bilan tabiat qo‘ynida tanishishning gashti bo‘lakcha. Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tufaylidir. 

Festival qadimiy folklor san’atimiz bilan o‘tmish madaniy yodgorliklarimiz tarixining o‘zaro bog‘liqligi, uzviyligi va ulug‘vorligini, ular buyuk ma’naviyatimiz sarchashmalari ekanini keng targ‘ib qilish, yoshlarni ajdodlarimizning ma’naviy merosidan bahramand etish orqali ularda milliy g‘urur tuyg‘usini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

– Qadimiy urf-odat va an’analarimizni asl holicha tarannum etayotganimiz, bu yo‘ldagi izlanishlarimiz munosib rag‘batlantirilayotganidan faxrlanamiz, – deydi Navoiy viloyatining “Karmana yulduzlari” folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari Xolmurod Jalilov. – Joriy yilda jamoamizga xalq ansambli nomi berildi. Hozir repertuarimizda 100 dan ortiq qo‘shiq bor. Tumanimizga xos urf-odat va an’analar aks etgan repertuarimizni xorijda ham namoyish etishni rejalashtirganmiz. “Boysun bahori” folklor festivali biz uchun katta maktab vazifasini o‘tadi. 

– Milliy qadriyatlarimiz ifoda etilgan dasturlarni qator xorijiy davlatlarda ham namoyish etganmiz, – deydi Toshkent viloyatining “Shosh navolari” ashula va raqs ansambli raqqosasi Nurxon Mavlonova. – 2015-yili Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘li – 2015” xalqaro festivalida qatnashganmiz. Bunday tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyatga ega. 

Ushbu festival milliy qadriyatlar keng tarannum etilgan, tinchlik va millatlararo do‘stlik ulug‘langan san’at bayrami sifatida xorijlik mehmonlarda ham katta taassurot qoldirdi. 

– Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lganman, – deydi germaniyalik sayyoh Gisela Grayner. – Ammo "Boysun bahori"day nafis, serjilo festivalni ko‘rmaganman. Odamning ko‘pligini qarang, barchasining chehrasida mamnunlik, quvonch aks etib turibdi. Havasing keladi. Hamma raqsga tushdi, men ham maza qilib o‘ynadim. Ayniqsa, milliy hunarmandlik buyumlarining xilma-xilligi, san’atkorlar egnidagi nafis liboslar har qanday kishini hayratga soladi. Mana san’at, mana milliy o‘ziga xoslik. 

Festival doirasida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Kurash va boshqa milliy xalq o‘yinlari tashkil etildi. Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari va “Nihol” mukofoti sovrindorlarining gala-konserti, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrining “Ayol haqida qasida” musiqali folklor spektakli namoyish etildi. 

Tadbir yakunida folklor jamoalariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Festivalda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi. 

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться