O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oilalar totuvligi va farovonligi yo‘lida
2017-05-15 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish masalalariga bag‘ishlangan mazkur anjuman O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari N.Mo‘minov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oila manfaatlarini himoyalash masalalari bugungi kunda izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam darajasini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini yanada yuksaltirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan. Bu oilalar to‘kinligi va farovonligini yanada oshirish, ularning manfaatlarini to‘laqonli himoyalash bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mamlakatimizning turli hududlaridagi oilalarning ahvolini o‘rganish, oilalar totuvligini saqlash, ajrimlarning oldini olish yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
– Oilalarning manfaatlarini himoyalash, reproduktiv salomatlikni saqlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z aksini topgan, – deydi BMT Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Miyeko Yabuta. – Tashkilotimiz oilalar, xotin-qizlarga e’tibor qaratish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan barcha ezgu ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
– Qo‘mita tomonidan maxsus ishchi guruhi tuzilib, turli hududlarda oilalardagi ijtimoiy holat, muhit atroflicha o‘rganilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining bosh mutaxassisi Saodat Boymirzayeva. – Muloqotlar jarayonida oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, salbiy holatlarning oldini olishda jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish kutilgan ijobiy natijalarni bermoqda.
Anjumanda mahalla, ta’lim maskanlari va oila hamkorligini kuchaytirish, oilalarda kitobxonlik madaniyatini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalardagi mavjud komissiyalar faoliyatini jonlantirish va boshqa masalalar bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.