O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamshiralik ishi istiqbollari
2017-05-12 | Jamiyat
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida hamshiralik ishini yanada takomillashtirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
12-may – Xalqaro hamshiralar kuniga bag‘ishlab videoselektor tarzida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, professor-o‘qituvchilar, poytaxtimiz va viloyatlardagi klinikalarning bosh shifokorlari, hamshiralar ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov va boshqalar xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirish, aholining zamonaviy tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish tibbiy-ijtimoiy islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarida, hududlarga safarlari mobaynida bu boradagi ko‘rsatma va topshiriqlarini o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish maqsadida izchil ish olib borilmoqda.
Tibbiy xizmatning sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish maqsadida bir qator dastur va loyihalar ishlab chiqildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yuksaltirish, mutaxassislarning malakasini oshirish, jahon tibbiyotining ilg‘or usullarini mukammal o‘zlashtirish va amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada belgilangan muhim vazifalarni bajarishda hamshiralarning faoliyati ham muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish, tibbiyot muassasalarida hamshiralik ishini xalqaro andozalarga mos tarzda tashkil etish borasida zamonaviy tizim yaratilgan. 78 tibbiyot kollejida yoshlarga bu yo‘nalishda zamonaviy andozalar darajasida ta’lim berilmoqda. Jahondagi ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, mamlakatimizda oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash tizimi yaratilgan va bu jarayon takomillashtirilmoqda.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirishda patronaj hamshiralarning faolligi oshmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi "O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ushbu qarorda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari va tuman tibbiyot birlashmalarida maxsus shtablar tashkil etildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, patronaj xizmati va profilaktik ko‘riklarning sifatini oshirish choralari kuchaytirilmoqda. Poytaxtimizdagi oilaviy poliklinikalarga bu yo‘nalishdagi ishlarini yaxshilash maqsadida "Damas" avtomashinalari topshirildi. Qishloq vrachlik punktlarining faoliyati takomillashtirilmoqda.
– Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi tibbiyot muassasalarining faoliyatini oqilona tashkil etish orqali tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirishdir, – deydi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining hamshiralik ishi bo‘yicha bosh mutaxassisi Dilfuza Jumanova. – Bu jarayonda hamshiralik ishini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bizning mas’uliyatimizni yanada oshirmoqda. Bugungi kunda biz, hamshiralar ham jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida, aholi bilan muloqot qilishning yanada ta’sirchan usullarini izlab topish, murojaatlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Anjumanda aholiga zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etishda hamshiralik ishining ahamiyati, o‘rta tibbiyot xodimlarining tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonidagi faolligini oshirish, tibbiy yordam sifati va samaradorligini kuchaytirish, patronaj xizmatini rivojlantirish borasidagi ishlarga oid ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan faol hamshiralar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.