O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik – izchil rivojlanishning muhim omili
2017-05-12 | Siyosat
Toshkentda 11-12-may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining o‘n ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ShHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar –Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Belarusning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyati, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 2016-yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan majlisi yakunlarini ko‘rib chiqdi va muhokama etdi. Shanxay hamkorlik tashkilotini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, ShHT davlat rahbarlarining shu yil iyun oyida Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi hisobga olingan holda mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli investitsiya va savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish hamda ShHTni kengaytirish istiqbollari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekistonning 2015-2016-yillarda tashkilotga raisligi davrida ShHT faoliyatining samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilgani ta’kidlandi. O‘tgan yilgi sammitda imzolangan hujjatlar tashkilotning ustuvor yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga doir amaliy vazifalarni hal etishga xizmat qilmoqda.
ShHT Forumining XII majlisi kun tartibiga muvofiq ishtirokchilar tashkilotga Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi jarayonining boshlanishi 2016-yil iyun oyida Toshkentda o‘tgan yubiley sammitining asosiy yakuniga aylanganini va bu hech shubhasiz, tashkilotning yangi marralarga ko‘tarilgani va o‘z faoliyatining yangi bosqichini boshlaganidan dalolat berishini ta’kidladi. Toshkentda Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risida imzolangan memorandumlar ShHTni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi.
Majlis doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi bahs-munozaralarda tomonlar ShHTga a’zo davlatlarning Afg‘oniston muammosini hal etishga asosiy yondashuvlarini tasdiqladi. Ushbu yondashuvlarning asosiy mohiyati shundan iboratki, Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni faqat siyosiy yo‘l bilan, bir-biri bilan kurashayotgan tomonlarning o‘zaro kelishuviga erishish va mamlakatda tinchlik o‘rnatish jarayoniga afg‘on xalqini ham jalb etish orqali hal etish mumkin.
Majlisda xavfsizlikka raxna soladigan an’anaviy va noan’anaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha kelishilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish, terrorizm, separatizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, xalqaro axborot xavfsizligini mustahkamlashda hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi. Jamiyatda, avvalambor, yoshlar o‘rtasida radikallashuvning avj olishiga qarshi kurashish, diniy ekstremizm, etnik va irqiy murosasizlikning oldini olishga doir choralarni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tashkilotning dasturiy maqsad va vazifalariga erishishning muhim shartlaridan biridir. Forum majlisi qatnashchilari savdo va investitsiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirish borasida mintaqaviy hamda mintaqalararo qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston vakillari anjuman qatnashchilari uchun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini taqdim etdi. Mamlakatimizning iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi pozitsiyasi, shuningdek, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur Harakatlar strategiyasi keng va ochiq muhokamadan so‘ng jamoatchilik, ekspertlar, fuqarolik jamiyati faollarining fikr va takliflari inobatga olingan holda qabul qilingani ta’kidlandi. Xalqning xohish-irodasini ta’minlaydigan, aholini strategik muhim qarorlar qabul qilish jarayoniga bevosita jalb qilish imkonini beradigan mexanizmlardan foydalanish asosida ishlab chiqilgan bu hujjat O‘zbekiston uchun noyob ekaniga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ushbu Strategiyaning asosiy maqsadlari ShHTning xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalariga mos kelishi qayd etildi. Hujjatda belgilangan maqsadlarning hayotga bosqichma-bosqich tatbiq etilishi qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirish, Markaziy Osiyo mintaqasi va, umuman, ShHT makonida tinchlik, barqarorlikni mustahkamlash imkonini beradi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturining asosiy qoidalariga bag‘ishlangan taqdimotda aholi farovonligini yuksaltirish, bandlik masalasini hal etish, sog‘liqni saqlash sifatini yaxshilash va mahalla rolini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Majlis ishtirokchilari taqdim etilgan axborotni ijobiy baholadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”ligi to‘g‘risidagi qat’iy pozitsiyasi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.
ShHT Forumi majlisining ishtirokchilari tinchlikni saqlash, hamkorlikda rivojlanish va teng huquqli munosabatlar, xalqaro hamjamiyat bilan muloqot va aloqalarni kengaytirish, mintaqada va, umuman, dunyoda xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi xususida yakdil fikr bildirdi. ShHT makonida teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik asosida har tomonlama va o‘zaro manfaatli aloqalarni davom ettirish, shuningdek, qabul qilinayotgan qarorlarni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirish muhimligi qayd etildi.
Majlisda "ShHT mamlakatlari: hamkorlik tendensiyalari va istiqboli", "Bugungi sharoitda ShHTni rivojlantirish", "ShHT: kelajak uchun sivilizatsiyalararo alyansning timsoli", "ShHT: “Bir belbog‘, bir yo‘l”ni tashkil etish uchun muhim maydon", "Afg‘onistondagi xavfsizlik: mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyatlar va tahdidlar", "Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekistonning yondashuvlari", "ShHTga a’zo davlatlar investitsiyaviy jozibadorligining imkoniyatlari va salohiyati", "ShHTning savdo-iqtisodiy hamkorligi: bugungi holat, muammolar va ularni hal etish yo‘llari", "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida transport salohiyatini rivojlantirishdagi roli va ahamiyati", "Turizm ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun asosiy yo‘nalish" mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining ShHT Forumiga raisligini yuqori baholadi va uchrashuvlar davomidagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Forum Reglamentiga muvofiq, 2017-2018-yillarda Forumga raislik Qozog‘iston Respublikasining ShHT Milliy tadqiqot markazi maqomiga ega Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti jamg‘armasi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va siyosati institutiga o‘tishi, ShHT Forumining navbatdagi majlisi 2018-yil Qozog‘istonda tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan belgilangan sanada tashkil etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
ShHT Forumi majlisi yakunlari bo‘yicha tegishli protokol imzolandi.