O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda

2017-05-12 | Siyosat

Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XII majlisi boshlandi. Unda ShHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Belarusning yetakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyati, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zA muxbiri anjumanning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi. 

Van Kayven, ShHT Bosh kotibining o‘rinbosari: 

– O‘zbekiston Respublikasi ShHTga asos solgan davlatlardan biri bo‘lib, tashkilotning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 

O‘zbekistonning ShHTga raisligi an’anaviy tarzda tashkilot nufuzini oshirib, uni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga, mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligi yo‘lidagi amaliy hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishga xizmat qilmoqda. 

ShHTning 2016-yil iyun oyida Toshkentda o‘tgan sammiti va unda ShHT davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlar tashkilotning yanada rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishladi. ShHT – bu izchil rivojlanib borayotgan va ayni paytda an’analar va muloqot madaniyatiga qat’iy amal qiladigan tashkilotdir. Toshkent sammitida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, hamkor xalqaro tuzilmalar vakillari bir joyda to‘plandi. ShHTning Toshkent sammitida yagona maqsad – hamkorlikda rivojlanish, mintaqada tinchlik, yaqin qo‘shnichilik, do‘stona va sheriklik munosabatlarini, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlash uchun birlashgan, dunyoqarashi turlicha bo‘lgan millatlar vakillari jam bo‘ldi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Toshkent sammiti faqat "ShHT oilasi" davlatlari uchun ahamiyatli bo‘lib qolmay, sammitda qabul qilingan qarorlar Yevroosiyo makoni va umuman, global miqyosda vaziyatni barqarorlashtirishga salmoqli hissa qo‘shdi. ShHT davlat rahbarlari yangi tahdid va xavf-xatarlarga jahon hamjamiyati faqat birgalikda qarshi kurashishi mumkinligini yana bir bor tasdiqladi. 

O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi davrida Toshkentda o‘tkazilgan yubiley sammit yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Tashkilot sammitga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va mamlakat hukumatining alohida e’tiborini doimo his etib turdi. O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida turli daraja va yo‘nalishda 380 dan ortiq tadbir tashkil etilgani va bularning samarasi sifatida Toshkent sammiti o‘tkazilganini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu haqiqatan ham tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ishchanlik va faollikning eng yuksak davri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Bugun O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona rahbarligida o‘z taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatni 2017-2021-yillarda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘zda tutilgan. Albatta, bularning barchasi mamlakatingizning ShHT doirasidagi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. 

Tamara Guzenkova, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari: 

– Bu galgi Forum majlisi katta voqea bo‘ldi. Bugungi geosiyosiy voqelik va dunyoda ro‘y berayotgan iqtisodiy jarayonlar ShHT oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Jumladan, Toshkent forumida ekspertlar hamkorlikning iqtisodiy yo‘nalishini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Negaki, tashkilotning barcha a’zolari aynan iqtisodiy rivojlanishdan manfaatdordir. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tashkilot doirasida tinchlik, barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm va radikalizmga qarshi kurashish bo‘yicha muvaffaqiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Tashkilot xavfsizlik borasida turli muammolarga duch kelayotgan yangi a’zolar hisobidan kengaymoqda. Bu sohada qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda. 

Azamat Dikambayev, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy strategik tadqiqotlar instituti direktori: 

– Forum majlisi ShHTga a’zo davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirish, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soladigan xavf-xatarlarga birgalikda kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm va ilmiy-texnik sohalarda tashkilot doirasida hamkorlik masalalarini muhokama qilish imkonini berdi. 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston azaldan tinch-totuv yashagan yaqin qo‘shnilardir. Xalqlarimiz tarixi mushtarak, madaniy va diniy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz o‘xshash. Shuning uchun uzoq muddatli istiqbolda munosabatlarimizni o‘zaro ishonch, sheriklik va manfaatlarni hurmat qilish asosida shakllantirmoqdamiz. 

Iqtisodiy va madaniy aloqalar davlatlararo hamkorlikning asosi hisoblanadi. Bizni transport va kommunikatsiya loyihalari birlashtiradi. Yaqin vaqt ichida savdo-iqtisodiy munosabatlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi lozim. 

Bundan tashqari, mintaqada samarali transport koridorini rivojlantirish iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishidir. Markaziy Osiyo uchun katta bozorlar, dengiz bandargohlari va transmilliy magistrallarga chiqish dolzarb masala hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun tranzit yo‘laklar xilma-xilligi, tovar va xizmatlarni hech qanday to‘siqlarsiz yetkazish imkonini beradigan "yashil yo‘lak"lar tashkil qilish g‘oyat muhimdir. 

Aleksandr Lukin, Sharqiy Osiyo va ShHT tadqiqotlar markazi direktori (Rossiya): 

– O‘zbekiston iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etayotgani juda muhim. Forum majlisida taqdim etilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi haqidagi ma’lumotlarni katta qiziqish bilan o‘rgandim. Strategiyaning asosiy maqsadlari ShHT bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga hamohangdir. 

O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xorijiy investorlarning mamlakatingizga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Buni ko‘plab chet el kompaniyalari investitsiya loyihalarida faol ishtirok etayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Sayyohlikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Rossiya bilan O‘zbekistonni strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turadi. Ko‘plab yo‘nalishlar, xususan, savdo-iqtisodiy sohada hamkorlik kengaymoqda. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarga Rossiyada talab yuqori. 

Tashrif davomida O‘zbekistonning ko‘plab joylarida bo‘ldim. Hamma joyda tartib va sarishtalik. Odamlar hayotdan mamnun, ertangi kunga ishonchi baland. Ayniqsa, O‘zbekiston xalqining boy o‘tmishidan dalolat beruvchi tarixiy obidalar menda unutilmas taassurot qoldirdi.

 

Nodira Manzurova, O‘zA

Поделиться