O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar jurnalistlarning savollariga javob qaytardi
2017-05-12 | Siyosat
Poytaxtimizdagi Xalqaro press-klubda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn mamlakatimiz parlamenti va hukumati a’zolari, vazirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar muhokama qilinganini qayd etdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv juda samarali bo‘lgani, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olinganini alohida ta’kidladi.
Bishkek shahrida joylashgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy markazi O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qiladi.
– O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda va bu borada izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi Zayd Raad al-Husayn. – Keyingi oylarda ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning hammasi inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Oliy komissar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi juda jiddiy va yorqin dastur ekanini alohida ta’kidladi. Unda BMT g‘oyalari, inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘z ifodasini topganini qayd etdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Zayd Raad al-Husayn jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.