Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi 11-may kuni Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, buyuk muhaddis ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Samarqand shahrida viloyatdagi milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Samarqand viloyatida 100 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-osoyishta hayot kechirib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani, 10 milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatayotgani haqida ma’lumot berildi.
Barcha millatlar vakillariga o‘z tili, urf-odat, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. “Sabanto‘y”, “Maslenitsa” kabi bayram va boshqa milliy marosimlar turli millatga mansub aholi ishtirokida keng nishonlanadi. Ushbu tadbirlarni o‘tkazish uchun milliy madaniy markazlarga davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan zarur yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga ilk tashrifi foydali muloqotlarga boy bo‘layotgani va bu o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitining ta’minlangani yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyotning asosiy omili ekanini qayd etdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, uning misolida ushbu noyob institutning jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni va roli bilan tanishdi.
Mehmonlarga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati, ularni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, davlat boshqaruvi idoralarining ko‘plab huquq va vakolatlari mazkur institutga berilgani haqida ushbu mahalla misolida so‘zlab berildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar vazifalari, fuqarolar yig‘ini qoshidagi komissiyalar faoliyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasida bo‘lib, bu yerda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Xalq qabulxonasidagi tibbiyot xonasi, ona va bola xonasi hamda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar ibratli tajriba sifatida e’tirof etildi. 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani hamda bunday qabulxonalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani aholining qonunlarda belgilangan huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Hazrat Doniyor ziyoratgohi va boshqa tarixiy obidalar bilan tanishdi. Ushbu maskanlarga sayohat chog‘ida yurtimizda ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash va ularni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
– O‘zbekistonga tashrifim davomida qadimiy va go‘zal Samarqandda bo‘lganimdan juda baxtiyorman, – dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn. – Dastur tig‘iz bo‘lishiga qaramay bir qator uchrashuvlar o‘tkazish, turli millatlar vakillari bilan suhbatlashish, Xalq qabulxonasi va mahalla faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Bu tadbirlarda ko‘plab ma’lumotlar oldik. Samarqanddagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorati ham bizda katta taassurot qoldirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ushbu obidalarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Bir kunda Samarqand bilan tanishish imkonsiz ekan. Shuning uchun biz bu betakror shaharga yana kelish, samimiy, mehmondo‘st odamlar bilan suhbatimizni davom ettirishni niyat qildik.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA