O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Svetoforlarni uzluksiz elektr energiya ta’minlaydigan qurilma ishga tushirildi
2017-05-11 | Iqtisodiyot
Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan yaratilgan svetofor tizimini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab turuvchi elektron qurilma amaliyotga joriy etildi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng tatbiq etish, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yuksaltirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabrda mamlakatimiz ilm-fanining yetakchi namoyandalari bilan uchrashuvda fan, ta’lim, ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro va uzviy bog‘liqlikni yanada kuchaytirish, mavjud ilg‘or ishlanmalarni amaliyotga yo‘naltirish, ta’lim, kadrlar tayyorlash sohalarini bugungi davr talabi darajasida rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Farg‘ona viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida ham mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilmoqda. Olim va ilmiy xodimlar tomonidan yaratilgan ko‘plab ishlanma va innovatsion texnologiyalar amaliyotga tatbiq etilayotir.
Bugun yurtimizning qaysi shahriga bormang, keng va ravon yo‘llar, obod ko‘chalardan dil yayraydi. Chorrahalarga zamonaviy svetoforlar o‘rnatilib, aholi xavfsizligini ta’minlash, umumfoydalanuvda bo‘lgan avtomobil yo‘llarida harakatlanish tizimini tartibga solishda qulayliklar yaratilgan.
Ammo ba’zan elektr energiyasining uzilib qolishi natijasida svetoforlar ishlamasligi yo‘lda tirbandlik hosil bo‘lishiga olib kelardi. Qizil chiroqning yashilga, yashilning sariq chiroqqa hech bir ogohlantirishsiz o‘tib ketishi haydovchilarga noqulaylik tug‘dirardi. Bunday kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Farg‘ona politexnika institutining bir guruh olimlari yangi loyiha ishlab chiqdi. Yer usti transporti tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi kafedrasi mudiri Mahmudjon Turdiyev va katta ilmiy xodimlar Umidjon Rustamov, Abror Tojiboyev hamkorligida yaratilgan svetofor tizimini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab turuvchi elektron qurilma amaliyotga joriy etilishi sohada yangilik bo‘ldi.
– Qurilma elektron akkumulyator va elektr qutisidan tashkil topgan, – deydi M.Turdiyev. – Elektr toki past kuchlanishda bo‘lganda yoki uzilib qolganda doimiy o‘zida yig‘ilgan energiya bilan ta’minlaydi.
Dastlab qurilma viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Farg‘ona shahar Vatanparvar ko‘chasi chorrahasidagi svetoforga qo‘yilib, sinovdan o‘tkazildi. Hech qanday kamchiliklar aniqlanmagach, Ahmad Farg‘oniy, Aeroport, Mustaqillik, Bahor ko‘chalari chorrahasidagi svetoforlarga qo‘yilishi belgilandi.
– Ushbu qurilma yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi viloyat IIB YHXB huzuridagi ixtisoslashtirilgan o‘rnatish va foydalanish bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Mamaziyoyev. – Jarayonni nazorat qilish maqsadida ishchi guruh tuzildi. Chorrahalarga o‘rnatilgan svetoforlarni elektr tarmog‘idagi uzilishlar vaqtida energiya bilan ta’minlash bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan kunlik hisobot topshirilmoqda. Yil yakuniga qadar 214 chorrahadagi svetoforlar qurilma bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.