O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat hokimi shifokorlar bilan uchrashdi
2017-05-11 | Jamiyat
Viloyat hokimligida viloyat hokimining tibbiyot xodimlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
– Prezidentimiz tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratmokdalar. Dori-darmonlarning arzonlashuvi, viloyatlarda respublika ilmiy markazlari filiallarining ochilayotganligi va yana ko‘p bu boradagi sa’y-harakatlarni barchamiz ko‘rib turibmiz. Oq xalat poklik ramzi. Oralaringizda bilimli, tajribali, juda ko‘p bemorlarni davolab olqish olgan shifokorlar ko‘p, – dedi uchrashuvda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev. – Sizlar bilan uchrashishimizdan maqsad oshkora muloqot qilish, ish faoliyatingizdagi, muammolar haqida ochiq suhbatlashish, kamchiliklaringizni yuzingizga aytish. Bizga kelayotgan ma’lumotlarga qaraganda tibbiyot xodimlari orasida guruhbozlik kuchaygan.
Tizimda avj olib ketgan korrupsiya, davlat mulkini talon-taroj qilish, sifatli meditsina xizmatini ko‘rsatmaslik, ayniqsa, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi shifokorlarning o‘z qasamlarini ochikdan-ochiq buzayotganliklari barchani tashvishga solmoqda, fuqarolarimizning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmokda.
Xalq shifokorlarni yaxshi ko‘radi, dedi notiq. Sizlardan davo topsa, albatta, hurmatingizni joyiga qo‘yishga intiladi. Bu hurmatni suiiste’mol qilmaslik kerak. Ming afsuski, oralaringizda shifokor degan sharafli nomga dog‘ tushirayotganlar bor. To‘g‘ri, sohada ba’zi mutaxassislarning yetishmasli ham sir emas. Biz bu yilgi tibbiyot oliygohlarni bitirayotgan farzandlarimizni viloyatimizda barcha sharoitlarni yaratib, ishga olib kelamiz. O‘qishga kirayotgan yigit-qizlar uchun kvotalar so‘raymiz. Yaxshi mutaxassislarimizning ketib qolishiga yo‘l qo‘ymaylik. Shifokorlarning malakasini oshirish uchun qayg‘uraylik. Yomonni yaxshi qilishga intilish kerak. Biz shuning uchun ham rahbarmiz. Bugungi yig‘ilishdan so‘ng barchangiz o‘zingizga kerakli xulosalarni chiqarib olishlaringizga ishonamiz.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat prokurori Sherzod Oblaqulov o‘z ma’ruzasida quyidagilarni bayon qildi:
– O‘tgan davr mobaynida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan mazkur sohadagi qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar va nazorat tadbirlari davomida 12 nafardan oshiq mansabdor shaxslar qonunning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik xususida ogohlantirildi, 145 nafar shaxs intizomiy hamda 54 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qonun buzilishi holatlarining sodir etilishiga imkon bergani sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida 34 ta takdimnomalar kiritildi. 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 20 nafar shaxslarga nisbatan sud hukmlari bilan tegishli jazolar belgilandi.
Ma’ruzada shifokorlarning o‘z vazifalarini talab darajasida bajarmasligi bevaqt o‘limlarga sabab bo‘layotgani, bolalar o‘limi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 taga ko‘payganligi, potranaj va skrining xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, QVPlar, tez tibbiy yordam xizmatidagi nuqsonlar ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlarga respublika televideniyesida ko‘rsatilgan “Davr savdosi” deb nomlangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Unda poytaxt shifoxonalaridagi ta’magirliklar, poraxo‘rliklar, shifokorlarning bemorlarga qo‘pol muomalasi tanqid ostiga olingan edi.
– Bizning faoliyatimizga bildirilgan fikrlar to‘g‘ri va o‘rinli. Avvalo o‘zimizning qo‘limiz toza bo‘lishi, qo‘l ostimizda ishlayotganlarga nisbatan o‘rnak bo‘lishimiz lozim. Tizimimizda boshqa joylarda bo‘lganidek “Jamoatchilik kengashlari” tuzsak. Sal yo‘ldan adashayotganlarni avvalo o‘zimiz tarbiyalasak. Barcha muammolarni shu kengashda muhokama qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi, – dedi shifokorlar nomidan so‘zga chiqqan vrachlar assosatsiyasi raisi Botir Mirzayev.
Mashaqqatli va sharafli bu kasbni e’zozlab kelayotgan, o‘z vazifasiga sidqidildan yondashayotgan tibbiyot xodimlarini reyting darajasiga mos holda mukofotlab borish taklifini berdi va bu borada maxsus Nizom ishlab chiqishni mutasaddilarga yukladi.