O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi, ayniqsa Kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta'minalshga qaratilgan aniq-chora tadbirlar belgilandi
2017-05-11 | Jamiyat
2017 yil 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur qarorga asosan 2017 yilning 1 iyulidan boshlab mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirishdagi ish natijalari uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tizimi joriy etiladi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari uchun lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga esa lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
Bu yo‘nalishda salbiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan taqdirda ularga lavozim maoshlarining tegishli miqdorida jarima shaklida intizomiy jazo choralari qo‘llanishi belgilandi.
Qayd etish lozimki, mas’ul rahbarlar uzluksiz ikki chorak yoki yil davomida uch chorakda prognoz ko‘rsatkichlarini bajarmagan taqdirida ularning aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topilishi va egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi maxsus Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtirish bo‘yicha Komissiya har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarining hududlar kesimida bajarilishi to‘g‘risida kiritilgan ma’lumotlari asosida o‘rganib boradi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida 2017 yilning III va IV choragida aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
2018 yildan boshlab esa aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari respublikamiz hududlari kesimida har chorak bo‘yicha taqsimlangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi, aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari shahar va tumanlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi aholi bandligi manzilli hududiy dasturlariga kiritilishi belgilandi.