O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT vakillari bilan uchrashuv
2017-05-11 | Jamiyat
Bosh prokuraturada BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Renate Vinter bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakillari S.Graumann, F.Lutfullayev va S.Axayevalar ishtirok etdilar.
Mehmonlarga mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, yoshlarning barkamol o‘sib-unishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy hamda tashkiliy sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan sud-huquq islohotlari doirasida qonunchilik tizimini takomillashtirish, shu jumladan, muqobil jazo choralarini joriy etish orqali jinoiy jazolarni liberallashtirish, protsessual harakatlarni amalga oshirishda bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish borasidagi ishlar alohida qayd qilindi.
R.Vinter o‘zining O‘zbekistonga birinchi tashrifidan so‘ng o‘tgan davrda jinoyat qonunchiligini yengillashtirishda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganligini ta’kidlab, O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan muqobil jazo choralar joriy etilganligidan mamnunligini bildirdi.
UNICEF vakolatxonasi rahbari S.Graumann hamkorlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, O‘zbekistonda qonunchilikning isloh etilayotganligi, ayniqsa, so‘nggi oylarda voyaga yetmaganlar hamda yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida jadal amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilikni liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni qiziqish bilan kuzatib borayotganligini, ular xalqaro standartlarga mos ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, u kelgusida voyaga yetmaganlar huquq va erkinliklari himoyasini samarali ta’minlashni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama aloqalarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga yangi turtki bo‘lgan ushbu muloqotdan qoniqish hosil qilganligini bildirdilar.