O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasining uchrashuvlari

2017-05-10 | Siyosat

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi 10-may kuni mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazdi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va BMT institutlari, jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarda o‘zaro qiziqish mavjudligi qayd etildi. Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘tgan uchrashuvda ushbu markaz direktori A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) U.Muhammadiyev ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos ekani, unda insonlarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari kafolati belgilab qo‘yilgani ta’kidlandi. 

1995-yilda mamlakatimizda Ombudsman lavozimi joriy etildi. U inson huquqlariga oid masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha ko‘plab vakolatlarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda o‘z vakillariga ega. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va boshqa tashkilotlar faoliyati soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bayon etgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq qabul qilingan qonun hujjatlari inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada mustahkamladi. 

2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Odamlarning talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish, huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu maqsadda 2016-yil 28-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga muvofiq joylarda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari aholining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. 

Delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda onalar va bolalar huquqlarini himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda BMT va O‘zbekiston o‘rtasida teng huquqlilikka asoslangan hamkorlikka 2017-yil 2-martda 25-yil to‘lgani o‘ziga xos tarixiy sana ekani alohida ta’kidlandi. O‘tgan yillarda O‘zbekiston va BMT turli yo‘nalishlarda, jumladan, inson huquqlari himoyasi sohasida hamkorlikda samarali qo‘shma loyihalarni amalga oshirdi. Bu jarayonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faol ishtirok etmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi asosida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda inson huquqlarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda siyosiy partiyalarning roli kuchayayotgani ijobiy holat ekanini qayd etib, mamlakat rivojida parlament muhim o‘rin tutishi, bu tizimning rolini oshirishga qaratilgan mexanizm mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev, adliya vaziri M.Ikromov, Bosh prokuror I.Abdullayev, ichki ishlar vaziri A.Azizov bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston bilan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi masalalar muhokama qilindi. 

Uchrashuvlarda O‘zbekistonda barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida "Taraqqiyot strategiyasi" markazida "Inson huquqlari va o‘zaro hamkorlik" mavzuida fuqarolik forumi o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ellikka yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi. 

Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat ekanini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. 

Tadbirda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan boshqa oliy qadriyatlarni himoya qilishga oid masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosida nodavlat notijorat tashkilotlari ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish, BMTning Nogironlar huquqlarini himoya qilish konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlari tashabbusi kabi qator masalalarga alohida e’tibor qaratildi. 

Поделиться