O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sovutish tizimining samaradorligi oshmoqda
2017-05-10 | Jamiyat
Poytaxtimizda «Tabiiy xladagentlardan samarali va xavfsiz foydalanish» mavzuida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Global ekologik jamg‘arma va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda xorijiy ekspertlar, tarmoq mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Xlorftoruglerod va gidroxlorftoruglerod moddalari ozon qatlamini yemirish qobiliyatiga ega. Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi, Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi hamda uning to‘rtta qo‘shimchasiga muvofiq, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda xlorftoruglerodning iste’moli to‘xtatilgan. Gidroxlorftoruglerodning iste’moli esa rivojlangan davlatlarda 2020-yilgacha, rivojlanayotgan mamlakatlarda 2030-yilgacha to‘xtatilishi belgilangan.
Mamlakatimizda gidroxlorftoruglerodlardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar 2020-yilgacha ushbu zararli moddaning atmosferaga chiqarilishini 99,5 foizga kamaytirishni ko‘zda tutadi. 2030-yilga borib uning iste’moli batamom to‘xtatilishi zarur.
– Ammiak, karbonat angidrid va uglevod singari tabiiy sovutish agentlarini qo‘llash nafaqat sovutish tizimining samaradorligini oshiradi, balki energiyani tejaydi, atrof-muhitga kamroq ziyon yetkazadi, – deydi Germaniyaning HEAT GmbH mustaqil konsalting firmasi konsultanti Denis Hyuren. – Seminar-trening davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan sovutish sohasida qo‘llaniladigan norma va standartlar borasida tajriba almashdik.
Seminar-treningda atrof-muhitni muhofaza qilishning turli jihatlari, dunyoda ozonni yemiruvchi moddalarni bosqichma-bosqich kamaytirish masalalari muhokama etildi. Ishtirokchilar ozon qatlamiga zarar yetkazmaydigan hamda global isish salohiyati past bo‘lgan muqobil sovutish agentlarining xususiyatlari bilan batafsil tanishdi.
Sovutish texnikasining asosiy prinsiplari, tabiiy sovutish agentlarining xususiyatlari, xavfsizlik normalari, qoidalari va tartiblari, uskunalarni o‘rnatish, ishga tushirish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish kabi masalalar xususida fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.