O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Kamolot»dan yangi loyiha
2017-05-10 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Technovation Challenge» («Texnologik ishlanmalar») loyihasi yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, mavqeini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ulkan samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Toshkent shahar hokimligi, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur loyiha o‘quvchi-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb qilishni maqsad qilgan. Loyihada 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 100 dan ziyod qiz axborot va telekommunikatsiya sohasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ular malakali mutaxassislar ishtirokidagi seminar va o‘quv mashg‘ulotlarida orttirgan tajribalariga tayanib o‘z dasturlari loyihasini taqdim qildi. Tajriba tarzda o‘tkazilgan mazkur loyiha ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.
– «Technovation Challenge» xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan tanlov hisoblanadi, – deydi loyiha rahbari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi bo‘lim mudiri Eldor Ahmedov. – Maqsadimiz ana shu xalqaro tanlovda munosib ishtirok eta oladigan qizlarni tarbiyalash. Buning uchun ishtirokchilar axborot texnologiyalarini puxta bilish bilan birgalikda xorijiy tillarni ham mukammal egallashlari kerak.
Bugungi kunda xotin-qizlarimizning texnika fanlari, informatika sohasi, axborot texnologiyalariga qiziqishi oshib bormoqda. «Technovation Challenge» loyihasi shu yo‘nalishlarda o‘qiyotgan qizlarning ixtisoslik fanlarini mukammal o‘rganishi, mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini egallashiga xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.