O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bilan uchrashuv
2017-05-10 | Siyosat
2017-yilning 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zeyd Raad al-Husayn bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT va uning institutlari, jumladan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Turli shakllardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarda o‘zaro qiziqish mavjudligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish islohotlar va taraqqiyotga oid siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning to‘laqonli va izchil dasturi 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan o‘rin olgan.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan va BMTning inson huquqlari bo‘yicha 10 ta asosiy konvensiyasini ratifikatsiya qilgan, doimiy ravishda ushbu jabhadagi o‘z majburiyatlarining bajarilishi borasida tegishli tuzilmalarga hisobotlarni taqdim etib kelmoqda.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda BMTning Rezident-koordinatori, BMT Rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Stefan Prisner hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy vakili Rishard Komenda ishtirok etdi.