O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiqlik va oshkoralik asosida
2015-03-06 | Jamiyat
Farg'ona viloyati shahar va tumanlarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari a'zolarining huquqiy bilimini yanada oshirish va uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etish masalasiga bag'ishlangan seminar-treninglar bo'lib o'tmoqda.
Qo'qon shahrida o'tkazilgan shunday tadbirda 11-Farg'ona okrug saylov komissiyasi a'zolari, uchastka saylov komissiyalari raislari, viloyat adliya, moliya, xalq ta'limi, sog'liqni saqlash boshqarmalari mas'ul xodimlari, xotin-qizlar qo'mitasi va "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo'limi vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zosi T.Shirinov va boshqalar mamlakatimizda demokratik talablar va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga to'la javob beradigan, fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin ifoda etishini kafolatlaydigan milliy saylov qonunchiligi yaratilganini ta'kidladi.
Farg'ona viloyatida tashkil etilgan 947 saylov uchastkasining barchasi saylov qonunchiligida belgilangan tartib asosida jihozlanib, zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va adabiyotlar bilan ta'minlangan. Okrug saylov komissiyasi a'zolari saylov uchastkalarida to'laqonli faoliyat olib borish uchun zarur sharoitlar yaratilganiga alohida e'tibor qaratmoqda.
– Saylovga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha tasdiqlangan seminarlar jadvaliga asosan, shahar va tumanlarda turli tadbirlar tashkil etilmoqda, – deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 11-Farg'ona okrug saylov komissiyasi raisi N.Sobirov. – Ayni paytda uchastka saylov komissiyalarining asosiy e'tibori saylovchilar ro'yxatini shakllantirishga qaratilgan. Bunda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotir. Saylovlarning ochiq-oshkora, demokratik tamoyillar asosida o'tishini ta'minlash uchun uchastka saylov komissiyasi a'zolarining huquqiy bilimini oshirishda seminarlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha saylov komissiyalari faoliyatining huquqiy asoslari, uchastka saylov komissiyalari ish faoliyatini tashkil etish, moliyalashtirish masalalari xususida so'z yuritildi.