O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
2017-05-05 | Iqtisodiyot
Toshkent shahar bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, bojxona sohasida ular duch kelayotgan muammolarni har tomonlama o‘rganish va bartaraf etish maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari T.Rejapov va boshqalar mamlakatimizda samarali bojxona nazoratini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlarga keng sharoit yaratish, ichki bozorni himoyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ochiq muloqotda ishbilarmonlar manfaatlarini ta’minlash, ularning to‘laqonli faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda tadbirkorlar eksport shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron raqamli imzodan foydalangan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etilgan «Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi» orqali kiritmokda. Bojxona qo‘mitasi tomonidan 22 turdagi interaktiv xizmat amaliyotga joriy etilgan.
– Mazkur qulayliklar eksport jarayonini tezlashtirmoqda, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq tartiblarni yanada soddalashtirmoqda, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nodir Salimjonov. – Bularning bari tadbirkorning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi. Bu qulayliklardan tadbirkorlarimiz unumli foydalanmoqda. Lekin o‘tkazilgan muloqotda shuni bildikki, tadbirkorlar faoliyatida ba’zi muammolar hali ham bor. Bu muammolarni o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislarning bojxona qonunchiligini mukammal bilishi, mazkur sohada qabul qilinayotgan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni amalda to‘g‘ri qo‘llay olishi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining ishini yengillashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va o‘z navbatida bojxona tizimida xato va kamchiliklarning kamayishiga xizmat qiladi, bojxona to‘lovlarining to‘g‘ri va to‘liq undirilishini ta’minlaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida 120-76-71 raqamli «ishonch telefoni»ning yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi. Ochiq muloqotda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolar va takliflarni bayon qilib, ular bo‘yicha mutaxassislardan tegishli javob oldi.