O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Huquqiy bilim – muhim omil
2015-03-06 | Jamiyat
Namanganda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining demokratik tamoyillar asosida yuqori saviyada o'tishini ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy tayyorgarlik tadbirlari qizg'in davom etmoqda.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida o'tkazilgan navbatdagi seminar-trening uchastka saylov komissiyalari a'zolarining huquqiy bilimini yanada yuksaltirish, uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etish masalasiga bag'ishlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi a'zolari, jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tenglik, ochiqlik, oshkoralik va adolat tamoyillari asosida puxta tayyorgarlik ko'rilayotgani ta'kidlandi.
– Mamlakatimizda yaratilgan milliy qonunchiligimiz bo'lajak saylovning har tomonlama yuksak saviyada tashkil etilishini ta'minlaydi, – deydi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi G'.Ortiqov. – Bunda saylovchilarning huquqiy madaniyati va faolligi bilan birga, uchastka saylov komissiyasi a'zolarining mas'uliyati ham muhim ahamiyatga ega. Viloyatda 651 saylov uchastkasi tuzilgan va ular ushbu siyosiy jarayonga shay qilib qo'yildi. Mazkur seminarda uchastka saylov komissiyalari a'zolari bu boradagi bilimini boyitib, o'zaro tajriba almashdilar.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a'zosi A.To'raxo'jayev va boshqalarning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha huquqiy asoslar, uchastka saylov komissiyalari ish faoliyatini moliyalashtirish, ovoz berish, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha qonuniy tizimni tushuntirish, saylov jarayonida xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining o'rni mavzularida ma'ruzalari tinglandi.