O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Shum bola" kinofestivali
2017-05-04 | Madaniyat
Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida nemis va o‘zbek kinoijodkorlari hamkorligida «Shum bola» kinofestivali o‘tkazilmoqda.
«O‘zbekkino» milliy agentligi, Toshkentdagi Gyote instituti, «Shlingel» xalqaro kinofestivali hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida ikki davlat kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan 8 ta film namoyish etiladi.
«O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori O.Musayev, «Shlingel» xalqaro kinofestivali direktori M.Xarbauyer va boshqalar O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori san’at va madaniyat, xususan, kinematografiya yo‘nalishida ham izchil taraqqiy etib borayotganini ta’kidladi.
Hamkorlik samarasini O‘zbekiston va Germaniyada o‘tkazilayotgan turli madaniy tadbir va festivallarda namoyish etilayotgan kinematografiya sohasining eng sara asarlari, folklor jamoalari, foto va tasviriy san’at ustalarining ijod namunalarida ko‘rish mumkin.
– O‘zbek kinolentalarini maroq bilan tomosha qilaman, – deydi Germaniyaning "Ko‘z darajasida" filmi prodyuseri Aleksandra Proxazka. – Yaqinda rejissyor Akbar Bekturdiyevning "Oyqiz ertagi" filmini ko‘rdim. Hayotiy voqealar asosida suratga olingan mazkur kartinada o‘zbek xalqining milliy urf-odatlari, qadriyat va an’analari mohirona tasvirlangan. Ushbu filmda bosh qahramon rolini o‘ynagan aktrisa Yulduz Rajabovaning ijrosi qalbimni larzaga soldi, samimiy, bag‘rikeng va olijanob xalqingizga bo‘lgan mehrimni yanada oshirdi. Bu yil O‘zbekistonda to‘rtinchi marotaba Germaniya kinosi kunlari tashkil etilmoqda. Barcha filmlarimizning rejissyori, prodyuseri, ssenariy mualliflari mamlakatingizga kelgan, ular kelgusida bunday madaniy tadbirlar, festivallarni yanada ko‘paytirish, hamkorlikda filmlar suratga olish niyatida.
Festival doirasida germaniyalik kinoijodkorlarning «Ko‘z darajasida», «Ajoyib o‘rdak», «Mening zaminim», «Abadiy do‘stlik», «Qirol Laurin», «Bir kishi vaqtga qarshi», «Xaydi», o‘zbek ijodkorlarining «Oyqiz ertagi» va yangi animatsion filmlari namoyish etiladi. Bolalikning beg‘ubor dunyosi, quvnoq va jo‘shqin voqealarni aks ettirgan filmlarda nemis va o‘zbek xalqlarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari, yoshlarning dunyoqarashi va ichki kechinmalari tasvirlangan.
Mamlakatimiz kino ixlosmandlari festival kunlari Germaniyaning taniqli kinoijodkorlari – rejissyorlar, aktyorlar va ssenariy mualliflari bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ladi.