O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

«Elektron hukumat» — aholiga qulaylik yaratishning amaliy tizimi

2017-05-02 | Texnologiyalar

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida “Elektron hukumat” tizimi samarali ishlashini ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa sifatida belgilangan. Prezidentimiz Hukumatning yil yakunlariga bag‘ishlangan majlisida alohida qayd etganidek, hozircha u to‘liq hajmda ishlamayapti. Ayrim idoralar esa bu tizimga yoki ulanmagan yoki ochiq aytadigan bo‘lsak, uni nima qilishni ham bilmaydi.

Masalan, sog‘liqni saqlash tizimida shifokorlar qabuliga yozilish, ma’lumotnomalar olish, kasallik varaqalarini yuritish, dori vositalari uchun resept berish elektron tarzda amalga oshirilsa, qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz joniga oro kirgan, ularning uzundan-uzun navbatda turishlari keskin kamaygan bo‘lar edi. Xo‘sh, ushbu xizmatlar joriy etilishini ko‘zda tutadigan “Sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari majmui nega sust ro‘yobga chiqarilmoqda?

Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh. Shermatovning “Elektron hukumat” tizimini joriy etish bo‘yicha qonun hujjatlari ijrosi to‘g‘risidagi axboroti ana shu nuqtai nazardan tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.

Parlament nazorati tartibida ko‘rib chiqilgan masala muhokamasida -ta’kidlanganidek, bugun “Elektron hukumat” tizimi aholining og‘irini yengil qilish, turli davlat idoralari eshigida sarson-sargardon bo‘lishlarining oldini olish, byurokratik to‘siqlarga barham berishda samarali vositalardan biriga aylandi.

“Elektron hukumat”, mohiyatiga ko‘ra, odamlar va tadbirkorlarga axborot hamda davlat xizmatlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda taqdim etish tizimi bo‘lib, bunda davlat xizmatchisi va murojaat qiluvchi virtual munosabatda bo‘ladi. Misol uchun, bugun o‘z xususiy biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan -fuqaro mazkur tizim orqali, bor-yo‘g‘i, 30 daqiqa ichida tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Vaholonki, ilgari buning uchun haftalab vaqt ketar, fuqarolarimiz amaldorlarning eshigida uzoq navbat kutishiga to‘g‘ri kelar edi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Elektron hukumat” tizimini joriy etish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, vazirlik “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 dan ortiq Farmon va qarorlari hamda Hukumatning 50 dan ziyod qarorini tayyorlashda va qabul qilishda ishtirok etdi.

Davlat organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, jamoatchilikni davlat tuzilmalari faoliyatidan muntazam hamda har tomonlama xabardor qilish mexanizmlarini joriy etish maqsadida davlat tuzilmalarining axborot jihatidan ochiqligini har chorakda baholash yo‘lga qo‘yildi. Masalan, agar 2014 yilda 100 ballik tizim bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari o‘rtacha 56,9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 80,2 foizga yetgani diqqatga sazovor.

“Elektron hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha 14 ta loyiha ro‘yobga chiqarildi. Axborot tizimlari va “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlar bazasining davlat organlari axborot tizimlari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida 2016 yilda o‘zaro hamkorlikning idoralararo elektron tizimi joriy etildi. Tadbirkorlar, aholi va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu portalda 300 dan ortiq davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Sh. Shermatovning ma’lum qilishicha, “Elektron hukumat” tizimi loyihalari nafaqat aholi, balki tadbirkorlik subyektlari uchun ham qator qulayliklar taqdim etib, ularning vaqtini tejash, korrupsiyaning oldini olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Xususan, “Elektron hukumat” tizimi doirasida joriy qilingan “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi loyihasi orqali 41 faoliyat bo‘yicha 61 turdagi litsenziya olish uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratilgan. Lekin ba’zi davlat idoralari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan “Litsenziya” axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish, tizimda ishlash bo‘yicha oqsoqliklar kuzatilayotgani taassuflanarlidir. Masalan, tuman, shahar hokimiyatlari tomonidan “Ko‘chma savdoga ruxsat olish”, “Tashqi reklamani joylashtirishga ruxsat olish”, “Turarjoy binosini noturarjoyga o‘zgartirishga ruxsat olish”, “Yerni rekultivatsiya qilishga xulosa olish”, “Daraxt va butasimon ekinlarni chopishga ruxsat olish” xizmatlari bo‘yicha “Litsenziya” axborot tizimiga ma’lumot kiritish va ushbu ma’lumotlarning dolzarbligini ta’minlashda mas’uliyatsizlik holatlari kuzatilayotgani muhokama chog‘ida tanqid qilindi. Ayni paytda “Sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari majmuini joriy etish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi idoralar bilan birgalikda ishlarni -jadallashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi hamda shaffofligiga erishish “Elektron hukumat” tizimini joriy qilishdan ko‘zlangan maqsadlardan biridir. Shuning uchun ham 2015 yilda Ochiq ma’lumotlar portali ishga tushirilgan edi. Ushbu portalda bugungi kunga kelib, 125 ta davlat organining 2 ming 467 ta ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan. Ulardan 789 ming martadan ortiq foydalanilgani e’tiborli, albatta. Ushbu ijobiy ko‘rsatkichlarga qaramasdan, ba’zi davlat organlari mavjud ochiq ma’lumotlarni aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan bo‘lishgisi kelmayotgan holatlar uchrab turibdi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari hokimiyatlari tegishli ochiq ma’lumotlar to‘plamini portalga joylashtirmagan.

Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari T. Madumarovning aytishicha, parlament nazorati tadbiriga puxta hozirlik ko‘rildi. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili, qolaversa, ekspertlar bilan tizimni tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham mavjud. Jumladan, kommunal xo‘jalik va uy-joy fondi portali (e-kommunal.uz) barcha turdagi kommunal xizmatlarini o‘zida mujassam etmagan, faqat kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi veb-saytlarga havolalar ko‘rsatilgan, xolos.

— Davlat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni nazarda tutuvchi “bir darcha” prinsipi faqatgina tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirilmoqda, — deydi senator. — Elektron hujjat ayirboshlash tizimi dasturi (E-ijro) to‘liq faoliyat olib bormayapti. Bu dastur barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlashga qaratilgan. Bugungi kunda unga 5 720 dan ziyod davlat organlari, ularning hududiy boshqarmalari, tuman bo‘linmalari hamda tuman hokimiyatlari muvaffaqiyatli ulangan. Biroq tizim foydalanuvchilari soni judayam kam, ya’ni 10 foiz atrofida bo‘lib qolmoqda.

Senatorlar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar veb-saytlarini yaratish masalasi hanuzgacha hal etilmaganiga e’tibor qaratishdi.

Muhokama chog‘ida “Elektron hukumat” tizimini joriy etishga doir qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha manfaatdor vazirliklar va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda hokimiyatlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, parlament nazorati tadbirida 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida bu borada belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ishlarini jadallashtirish tavsiya etildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha qator takliflar va tavsiyalarni bildirdilar. Binobarin, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘lami kengaytirilishi va ayni paytda soddalashtirilishi fuqarolar uchun har tomonlama qulaylik yaratib, ortiqcha sarf-xarajat hamda ovoragarchiliklarga barham beradi, eng muhimi, xalqimiz rozi bo‘ladi.

Поделиться