O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro veterinariya kuni nishonlandi
2017-05-02 | Jamiyat
“Turkiston” san’at saroyida Xalqaro veterinariya kuni munosabati bilan O‘zbekiston veterinariya sohasi vakillarining anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Tojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti prorektori R.Davlatov va boshqalar yurtimizda veterinariya sohasida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos qonunchilik tizimi shakllantirilgani, epizootik barqarorlikni ta’minlashning samarali tizimi mavjudligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda veterinariya infrastrukturasining rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilayotir. O‘zbekiston 1992-yildan buyon Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti a’zosi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, insoniyat global yechim talab etadigan bir qancha muammolarga duch kelmoqda. Ulardan biri insonlar va hayvonlar o‘zaro munosabatda yashab turgan atrof-muhitda vujudga kelayotgan yuqumli kasalliklarning tarqalishidir. Kasalliklar ko‘plab davlatlarga katta iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, odamlar hayotiga ham xavf solmoqda. Mamlakatimizda bu borada barcha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar olib boriladi. Natijada chetdan insonlar va hayvonlar uchun xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi, tarqalishining oldi olinib, barqaror epizootik vaziyat saqlanmoqda.
Har yili aprel oyining oxirgi shanbasida dunyoda Xalqaro veterinariya kuni nishonlanadi. Mamlakatimizda ham bu yil veterinariya kuni ilk bor nishonlanib, “Oltin tulpor” tanlovi tashkil etildi.
Konferensiyada veterinariya xizmatining rivoji, sohada amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan qisqa metrajli film namoyish qilindi. Shuningdek, “Oltin tulpor” tanlovining sovrindorlari e’lon qilindi.