O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qit’amizning eng kuchli bokschilari Toshkentda
2017-05-01 | Sport
Poytaxtimizda boks bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Boks federatsiyasi, Osiyo boks konfederatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning o‘ttizga yaqin davlatidan ikki yuzdan ziyod charm qo‘lqop ustasi o‘nta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Chempionat bokschilarga shu yilning 23-avgust – 4-sentabr kunlari Germaniyada bo‘ladigan jahon chempionatiga yo‘llanma berishi bilan ahamiyatlidir. Qoidaga ko‘ra, har bir vazn toifasida kuchli oltilikka kirgan bokschilar yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
30-aprel kuni poytaxtimizdagi muhtasham "O‘zbekiston" sport majmuasida boks bo‘yicha Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Marosimda mamlakatimizda sportning Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan turlari, jumladan, boksni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun mamlakatimizda mustahkam moddiy-texnik baza yaratilgan. Sportchilarimizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida, turli nufuzli musobaqalarda munosib qatnashishini ta’minlash, ularga zarur sharoitlarni yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– O‘zbekiston sport salohiyati yuqori mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda, – deydi Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti S.Qo‘noqboyev. – Bu mamlakatingizda jismoniy tarbiya va sport rivojiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, mahoratli sportchilarni tarbiyalashga barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani, sportchilaringizning xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani tufaylidir. Boks bo‘yicha Osiyo chempionatiga qit’amizning qator davlatlari da’vogarlik qildi. Lekin Osiyo boks konfederatsiyasi mamlakatingizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur chempionatga mezbonlikni O‘zbekistonga topshirdi. Bu galgi qit’a chempionati ham yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonamiz.
Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari – Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, tajribali bokschilarimizdan Jasurbek Latipov, Elnur Abduraimov, Iqbol Xoldorov, Isroil Madrimov, Sanjar Tursunov, Bahodir Jalolov himoya qilmoqda.
Osiyo chempionatining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi A.Ramatov so‘zga chiqdi.