O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot-kutubxona tizimi takomillashmoqda
2017-05-01 | Texnologiyalar
Namanganda “Central Asia – 2017” Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XI Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlar hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan axborot-kutubxona muassasalari rahbarlari, jurnalistlar, xorijlik mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida axborot-kutubxona, o‘quv, muzey, arxiv muassasalari, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini davr talabi darajasida tubdan isloh qilish, aholining axborot va kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Davlatimiz rahbarining shu yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Umida Teshaboyeva. – Bugungi anjuman ham fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohasida elektron axborot resurslarini rivojlantirish, tizim faoliyatini xalqaro hamkorlik, ilg‘or tajriba almashinuvlari asosida tubdan takomillashtirishga qaratilgan.
Tadbirda “Rossiyada mutolaani qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi”, “Germaniya Kutubxonachilik assotsiatsiyasining kutubxonachilik sohasida ta’lim va o‘qitishga qo‘shgan hissasi”, “YuNESKOning media va axborot savodxonligi bo‘yicha o‘quv dasturi: Rossiya va O‘zbekistonda moslashtirish tajribasidan”, “Evroosiyo Kutubxonachilik assambleyasi loyihaviy faoliyatida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ishtiroki”, “O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona muassasalari: kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilishda o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan shunday konferensiyalarda uchinchi marta ishtirok etmoqdaman, – deydi Germaniya Kutubxonachilik assotsiatsiyasi raisi Frank Redis. – Har safar kelganimda bu yerda ro‘y berayotgan ulkan yuksalishlar qatorida kutubxona tizimining ham xalqaro standartlar asosida rivojlanib, tizim faoliyati takomillashtirilayotganiga guvoh bo‘laman. Bu gal ham kutubxonalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini kuzatdim. Ayniqsa, mutolaa va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlari va amaliy chora-tadbirlar diqqatga sazovor. Konferensiyada ishtirok etib, o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘rgandim.
Konferensiya Nodira nomidagi Namangan viloyati axborot-kutubxona markazida o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Seksiya mashg‘ulotlarida axborot-kutubxona muassasalari, nashriyotlar, ommaviy axborot vositalarining kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ‘ib qilishdagi hamkorligi masalalari, fan va ta’lim rivojida axborot-kutubxona faoliyatining ahamiyati, madaniyat va san’at sohasida yagona axborot makoni, axborot-kutubxona muassasalarining nashriyotlar, arxivlar va muzeylar bilan o‘zaro hamkorligi, avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari va texnolgiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ziyod ma’ruzalar muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida maktab kutubxonasida axborot madaniyati va media savodxonlik asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlarni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari mavzusida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan ilmiy tadqiqotlarni axborot bilan qo‘llab-quvvatlash va nashr ettirish faolligi bo‘yicha mahorat darsi, O‘zbekiston Respublikasi yig‘ma elektron katalogini shakllantirishda axborot-kutubxona muassasalarining o‘rni, “UZMARS” formatida axborot-kutubxona resurslarini kataloglashtirish masalalari bo‘yicha o‘quv-treninglar o‘tkazildi.
– Viloyat axborot-kutubxona muassasalari 5 million 200 mingdan ziyod kitob, 380 mingdan ortiq elektron resurslar fondiga ega, muntazam foydalanuvchilar soni 800 ming kishidan oshdi, – deydi Nodira nomidagi Namangan viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Mavluda Jo‘raboyeva. – Bunday yirik konferensiyalarning viloyatimizda o‘tkazilishi bu boradagi xalqaro hamkorlik faoliyatimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.