O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sifatli mahsulotning xaridori ko‘p
2017-05-01 | Iqtisodiyot
Samarqandda “Meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish va raqobatni kuchaytirish” mavzusida biznes forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan forumda Afg‘oniston, Belgiya, Germaniya, Fransiya, Isroil, Latviya, Litva, Turkiya, Ukraina va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan tadbirkorlar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, yurtimizda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar vakillari, fermerlar qatnashdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan uning raqobatbardoshligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ekologik toza, xalqaro standartlarga mos qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat hamda qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy jihozlangan yangi qayta ishlash korxonalari qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raqobat muhitini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Kamoliddinov. – Prezidentimizning 2017-yil 18-apreldagi farmoni bilan qayta tashkil etilgan qo‘mitamiz oldiga ham ushbu loyihalarni bajarish yuzasidan muhim vazifalar qo‘yildi. Bugungi biznes-forum mamlakatimiz qishloq xo‘jalik tarmog‘ida mahsulot yetishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash va eksport qilishda xalqaro bozor talablarini o‘rganish, xorijiy kompaniyalar bilan aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlar topishga xizmat qiladi.
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning savdo masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi bosh maslahatchisi Rayder Rodjers keyingi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilgan holda yuqori sifatli, xalqaro bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulot yetishtirilayotganini alohida ta’kidladi. Bu tarmoqda yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlik oshishining muhim omili bo‘lmoqda. Ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan imtiyoz va qulayliklar samarasida meva-sabzavot, poliz mahsulotlarini zamonaviy usulda qayta ishlash, qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ko‘payib borayotgani soha taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Tadbirda erkin iqtisodiy zonalar – raqobatni rivojlantirishning asosiy omili, meva-sabzavotni qayta ishlash, agro-logistika tarmog‘ida monopoliyani qisqartirish va raqobat muhitini mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishni kengaytirish va diversifikatsiyalash yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, taqdimotlar o‘tkazildi. Bu borada O‘zbekiston amaliyoti va xalqaro tajriba tahlil etildi.
– Bir necha yildan buyon O‘zbekistondagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelamiz, – deydi Litvadagi "UzLiTa" assotsiatsiyasi prezidenti Danius Sermunchins. – Yurtingizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlariga bizda talab juda yuqori. Shuning uchun ham yildan-yilga savdo shartnomalarimiz salmog‘i oshib bormoqda. Ushbu forumda yana ko‘plab hamkorlar topib, manfaatli shartnomalar tuzishni rejalashtirganmiz. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan mahsulot yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha fikr almashdik.
Forum doirasida Samarqand viloyatida tayyorlanayotgan meva-sabzavot mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi hamda viloyatning investitsiyaviy salohiyati, xorijiy va xususiy sarmoyadorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– 2013-yilda ish boshlagan korxonamiz faoliyati asosan xorijga quruq meva eksport qilish bilan bog‘liq, – deydi “Urgut marjonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Abdurahim Ziyodullayev. – Rossiya va Ukrainadagi bir qator firmalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida joriy yilning birinchi choragida 260 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Forum qatnashchilari ham mahsulotlarimizga qiziqish bildirdi va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikrlashib oldik.
Tadbirning ikkinchi kuni biznes-forum ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, bu yerdagi korxonalarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, zamonaviy muzlatkichlarda saqlash va xorijga eksport qilish jarayonlari bilan tanishdi. Hududdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.