O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adolat va haqiqat amalda ta’minlansa, odamlar hayotdan rozi bo‘ladi

2017-05-01 | Jamiyat

Suv tomib-tomib toshni yemiradi yoki zang asta-sekin har qanday mustahkam po‘latni ham chiritadi. Shu ma’noda aholi murojaatlari o‘z vaqtida qonuniy va samarali hal qilinmasa, ular yig‘ilib-yig‘ilib, o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi muqarrar.

Shu ma’noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solgan yangi tizim – Xalq qabulxonalari instituti nafaqat murojaatlarni qanoatlantirish, balki hayotimizdagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishdek katta maqsadlarga xizmat qilmoqda. 

Bu jihatlar 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida tashkil etgan navbatdagi sayyor qabulda ham o‘z ifodasini topdi. Ochiq muloqotda sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari, poytaxtimiz va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklarining rahbar va mas’ul xodimlari fuqarolaru tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni hal qilishga kirishdi. 

Sayyor qabulda tumanda murojaatlar bilan ishlash, odamlarning dardu tashvishlarini tinglab, muammolariga yechim topish borasidagi ishlar tahlil etilib, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar keskin tanqid qilindi. 

Mazkur tumanda yashovchi fuqaro Ergash Xolmurodov tug‘ma nogiron – ko‘zi ojiz. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini bitirgan. Hozirda ishga joylasha olmayapti. 

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, O‘zbekiston mehnat vazirining o‘rinbosari Bahodir Nizomov va boshqa mutasaddilar birgalikda fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqdi. 

– O‘quv yili yakunlanayotgan ayni paytda Ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida vakant joy yo‘q, albatta, sizni yangi o‘quv yilida ishga joylashtirishga harakat qilamiz, – dedi D.Kenjayev. – Buning uchun belgilangan qoidalarga muvofiq tiflopedagogika, ya’ni ko‘zi ojiz tarbiyalanuvchilar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish bo‘yicha qayta tayyorlovdan o‘tishingiz kerak. Ungacha murojaatingiz Xalq ta’limi vazirligi nazoratida bo‘ladi. 

Tuman mutasaddilari E.Xolmurodovga bungacha biror ish bilan shug‘ullanishni maslahat berdi. Xususan, unga mahallasida imtiyozli asosda dala-do‘kon tashkil etish, bu borada, zarur bo‘lsa, kredit olish taklif qilindi. Fuqaro oilasi bilan maslahatlashgach, takliflardan birini tanlashini aytdi. 

Valentina Ubaydullayeva tumanning Ahmad Yugnakiy dahasida yashaydi. Ko‘p qavatli uydagi xonadonining umumiy maydoni – 77,28 kvadrat metr. Aytishicha, xuddi shu o‘lchamdagi qo‘shnisining uyi 63 kvadrat metr atrofida belgilangan. Shu bois u «xonadonim maydoni aslidagidan ko‘proq hisoblangan, ayrim kommunal to‘lovlarni qimmatroq to‘layapman», degan fikrda. Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi boshlig‘i Alijon Shoyev boshchiligidagi komissiya bu masalani joyiga borib o‘rganib, qonuniy yechim topadigan bo‘ldi. 

Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 67 yoshli Ibrohim Qayumov uch marta miokard infarktini boshidan kechirgan. Uning yuragiga stend qo‘yish uchun order so‘rab qilgan murojaatini Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari tez kunda ko‘rib chiqib, ijobiy hal qiladi. 

Ochiq muloqotda aholidan tabiiy gaz bo‘yicha asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani haqida ko‘p murojaat kelayotgani, bu masalani kompleks o‘rganib chiqish, muammoning ildizini topish va bartaraf etish lozimligi ta’kidlandi. Sayyor qabulda bu boradagi qator murojaatlar ko‘rib chiqildi. Xususan, Asadillo Roziqov Mirzo Ulug‘bek tumani 4-berk Turon ko‘chasi 6-uyda yashaydi. Aytishicha, 2016-yilning sentabrida tabiiy gaz xodimlari uning xonadonida xatlov o‘tkazib, 2 million so‘mdan ortiq qarz hisoblagan. Unga bu qarz 2010-yili tabiiy gaz hisoblagichini qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgani haqidagi sertifikat belgilangan muddatdan kech olingani bilan izohlangan. 

– Modomiki, shunday bo‘lgan taqdirda ham, oradan yetti yil o‘tib ketgan, lekin o‘sha vaqtda hisoblagich ishlagan, unga asosan barcha to‘lovni to‘laganmiz, buni isbotlaydigan barcha kvitansiya, mana, qo‘limda turibdi, boz ustiga 2015-yili shu hisoblagichni yana belgilangan qoida-talablar asosida o‘z vaqtida qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazganman, yaxshi ishlayapti, – dedi A.Roziqov. – Xo‘sh, tabiiy gaz xodimlari ishlayotgan hisoblagichni nosozga chiqarib, qarz hisoblashi mumkinmi? Nega o‘sha vaqtda buni menga tushuntirishmagan? Ularga bu borada nima xalal bergan? 

Mirzo Ulug‘bek tumangaz foydalanish xizmati boshlig‘i Alisher Boyxonov fuqaro bilan birga masalani joyida o‘rganadigan bo‘ldi. Aytilishicha, bu qarzdorlik noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa, darhol bekor qilinadi. 

Mirzo Ulug‘bek tumani Oltintepa mahallasi 2-berk ko‘chada 9 xonadon bor. Ulardan ikki xonadonda shahar kanalizatsiyasi mavjud, qolganlarida yo‘q. Bugun mazkur hududda yashovchi Zuhra Hayitmuhamedova va uning qo‘shnilari mazkur muammoga yechim izlab, sayyor qabulga kelgan. 

– Kelin bo‘lib tushganimga yigirma yil bo‘ldi, shuncha vaqtdan beri bu muammo hal qilinmadi, – dedi Z.Hayitmuhamedova. – Qo‘ni-qo‘shnilar bilan, rosti, shu masalada qiynalib ketdik. 

Ochiq muloqotda tuman hokimligi bu muammoni atroflicha o‘rganib, uni hal qilish uchun amaliy yordam beradigan bo‘ldi. 

Umuman, bugunga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Mirzo Ulug‘bek tumani aholisidan 18 ming 840 murojaat kelib tushgan. Shundan 6 ming 892 tasi bevosita tuman hokimligiga tegishli bo‘lib, ularning 87,4 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. 

Xo‘sh, bu muammolarning yechimi qanday? Har bir murojaat hal bo‘lishi, adolat va haqiqat amalda ta’minlanishi, hudud aholisining shikoyatlari kamayishi uchun nima ishlarni qilish kerak? 

– Bugun tumanimizda uchinchi marta sayyor qabul o‘tkazildi, shu vaqt mobaynida ba’zi masalalarga yechim topdik, biroq hali oldimizda qilinajak ishlar anchagina, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Sherzod Kudbiyev. – Bugungi ochiq muloqotda yana bir bor ishimizga chetdan baho berdik, o‘zimizga bo‘lgan talab va mas’uliyatni yanada oshirishimiz lozimligini angladik. Asosiy maqsadimiz – odamlarni hayotdan rozi qilish. Bunga ularning daromadini oshirish, ijtimoiy va kommunal sohalarda zamonaviy sharoitlar yaratish orqali erishish mumkin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan mamlakatimizda muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun jamoaviy javobgarlik tizimi yo‘lga qo‘yilgani bunda juda muhim omil bo‘lmoqda. Tumandagi barcha tizim rahbarlari bir yoqadan bosh chiqarib, bir-biriga ko‘makdosh-maslakdosh bo‘lib ishlasa, muammolar asta-sekin bartaraf etiladi. 

– Murojaatlarning qonuniy asosi borlari hal qilinmoqda, biroq qonuniy yechimi yo‘q masalalar bo‘yicha aholiga tushuntirishlar berish borasida hali ancha ish qilinishi kerak, shunda fuqarolar murojaatidan to‘la qoniqish hosil qiladi, takroriy murojaatlar kamayadi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori Temur Normuhamedov. – Buning uchun murojaatni dastlabki kundayoq atroflicha o‘rganib, hal qilish choralarini ko‘rishimiz kerak. Aholidan turli masalalardagi qonunbuzarliklar, xususan, ba’zi hollarda ichki ishlar xodimlarining ayrim xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozilgan arizalar ham kelib tushmoqda. Ularning ba’zilaridagi vajlar asosli ekani aniqlanib, aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. 

– Bizning sohada ham murojaatlar bilan ishlashda barcha imkoniyat ishga solinmoqda, xususan, murojaat to‘liq hal qilinmasa, u nazoratdan olinmayapti, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i Azamat O‘roqov. – Bunda xodimlarimizni murojaatlar bilan ishlashga o‘rgatish, ularning kasb tayyorgarligini oshirish asosiy masala bo‘lib turibdi. Chunki mutasaddining huquqiy bilimi-malakasi yetarli bo‘lsa, har bir murojaatni o‘z muammosiday qabul qilsa, uni hal etish uchun bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qiladi. 

– Ayrim sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam berish, fuqarolar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga katta e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Habibullo Inomov. – O‘tgan haftaning o‘zida soliqlar bo‘yicha muammolari bo‘lgan ikki korxonaga tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Ularga imtiyozli kreditlar ajratildi, 12 odam ish bilan ta’minlandi. 

...Sayyor qabulda aholining huquqiy ongini, xususan, murojaat madaniyatini yuksaltirish ham dolzarb masala ekani ta’kidlandi. Qizg‘in bahs-munoraza, yuzma-yuz, ochiq va oshkora muloqotlar asnosida qator muammolarga yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. 

 

Umid Yoqubov, O‘zA

Поделиться