O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Natijalar tahlil qilindi
2017-05-01 | Jamiyat
Jizzax viloyati hokimligida joriy yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi U. Uzoqov boshqarib borgan yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizni 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatda 2017 yil yanvar-mart oylarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash yuzasidan olib borilgan ishlar samarasida iqtisodiyotning barcha sohalarida izchil o‘sish ta’minlandi. Xususan, sanoat, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishda oldingi yillarga nisbatan sezilarli siljishlarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 dekabrdagi “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlashda joriy yiilda 16 ta korxonalarda 32 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish belgilangan. Jizzax shahrida 4 ta, SH.Rashidov tumanida 3 ta, Zomin va Zarbdor, Paxtakor hamda Forish tumanlarida 1 tadan korxonalarda mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Viloyatda aholining turmush darajasini yanada yuksaltirishga, tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotir. Zamonaviy, arzon va ixcham turar joylar qurish, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash masalasi doimiy e’tiborda turibdi.
Yig‘ilishda ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.