O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Xotira va qadrlash kuni” bayrami sharafiga Xotira.uz sayti ishga tushirildi
2017-05-01 | Texnologiyalar
“Xotira va qadrlash kuni” bayrami arafasida UZINFOCOM Markazi tomonidan Ikkinchi jahon urushi faxriylari va ishtirokchilari xotirasiga bag‘ishlangan Xotira.uz sayti ishga tushirildi. Xotira.uz saytida urush maydonida jang qilgan vatandoshlarimiz fotosuratlari, ularning jasoratlari to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlar hamda Xotira va qadrlash kuni bayrami to‘g‘risidagi yangiliklar o‘rin olgan.
Ilk marotaba bugungi kunda hayot bo‘lgan dahshatli urush ishtirokchilari va qahramonlari ismlari yagona resursda umumlashtirilgan bo‘lib, mazkur resurs har bir urush faxriysi, mukofot va jasoratlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari bilan boyitilgan.
Shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari to‘g‘risida axborotga ega bo‘lgan Internet tarmog‘i foydalanuvchilari saytda keltirilgan “Jasorat haqida yozish” xizmati orqali sayt ma’muriyatiga ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki fotosuratlarni Xotira.uz saytiga joylashtirish uchun yuborishlari mumkin. Ushbu xizmat orqali foydalanuvchilar urushda qatnashgan qarindosh, mahalladosh yoki tanishlarning hikoyalari bilan bo‘lishishlari mumkin.
Shuningdek, Xotira.uz saytida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan umumxalq #xotirauz xeshtegini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kаmоlоt” YoIH tomonidan bepul tarqatilayotgan 9 may va O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan maxsus lenta va stikerlarning tarqatilish manzillari ro‘yxati keltirilgan.
O‘z navbatida, Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan UZINFOCOM Markazining ZiyoNET ta’lim tarmog‘i Resurs markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Kamolot” YoIH ko‘magida joriy yilning 19 aprelidan 19 mayigacha Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan bobo va buvilari, qarindoshlari jasoratlari to‘g‘risidagi eng yaxshi insholar tanlovio‘tkazilmoqda. Ushbu tanlov yordamida yoshlar o‘z bobo va buvilarining urushdagi ishtiroklari tarixi bilan yaqindan tanishib chiqish va yurtimiz faxriylari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishda o‘z hissalarini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tanlov g‘oliblari quyidagi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar: smartfon, mobil telefon va akustik qurilma.
“Vatan”, “Jasorat” va “Qahramon” kabi tushunchalarga befarq bo‘lmagan barcha xohlovchilarni Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan bobo va buvilari, qarindoshlarining jasoratlarini yod etgan holda, “9 may–Xotira va qadrlash kuni” bayramiga bag‘ishlangan “Mening bobom va buvim – qahramon” mavzusidagi tanlovda ishtirok etishga taklif qilamiz!
Axborot texnologiyalari barchamizga birgalikda vatandoshlarimiz jasoratlari to‘g‘risidagi Xotira kitobini yaratish imkoniyatini berib, bu qahramonlarimiz xotirasini abadiylashtirdagi noyob yodgorlik sanaladi.