O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashuv
2017-05-01 | Siyosat
2017-yilning 30-aprel kuni Ashxobod shahrida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashida ishidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qabul qildi.
Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti va butun turkman xalqiga yo‘llagan iliq salom va samimiy ehtirom so‘zlarini yetkazdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga 2017-yil 6-7-mart kunlari amalga oshirgan davlat tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ruhida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ikki davlat rahbariyatlarining siyosiy irodasi natijasida bugun davlatlararo aloqalar sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarilib, bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-komminikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni faollashtirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan hozirda Turkmaniston raislik qilayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish imkonini berdi.