2017 yilning I choragida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan 2017 yil 14 yanvarda Hukumat majlisida belgilab berilgan 2017 yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor vazifalari bajarilishini so’zsiz ta’minlash bo’yicha viloyat tashkilotlar va korxonalar rahbarlari hamda shaharlar va tumanlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini oshirishga bag’ishlangan viloyat faollari yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig’ilishda viloyat hokimining o’rinbosarlari, shaharlar va tumanlar hokimlari, huquqni muhofaza qilish organlari, viloyat tashkilot va boshqarmalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig’ilishni viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi O’. Barnoev kirish so’zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
— Xabaringiz bor, 2017 yil 18 aprelda Vazirlar Mahkamasida joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan joriy yilning 14 yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2017 yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor vazifalari bajarilishini so’zsiz ta’minlash bo’yicha qo’shimcha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bag’ishlangan majlisi bo’lib o’tdi, —dedi viloyat rahbari. — Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy iqtisodiy ko’rsatkichlari, tarmoqlar va hududlarni yanada kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish korxonalari va mintaqalarning eksport salohiyatini rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning roli va ahamiyatini kuchaytirish, aholining daromadlari va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilgan dasturiy choralar har tomonlama va batafsil ko’rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat boshqaruvi tizimini yanada isloh qilish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga mikrokreditlar ajratish tizimini soddalashtirish, yo’l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish, sog’liqni saqlash, ta’lim tizimini takomillashtirishga yo’naltirilgan ko’plab farmonlar, qarorlar va farmoyishlari qabul qilinmoqda.
Jumladan, viloyat hokimligida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2016 yil 8 sentyabrdan 2017 yil 25 aprelgacha qabul qilingan jami 138 ta, shundan 25 farmon, 97 ta qaror va 16 ta farmoyish ijrosini ta’minlash bo’yicha tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Shundan so’ng viloyat hokimi mazkur hujjatlar mohiyati, ularning viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yuksaltirishdagi ahamiyati, ijrosi ta’minlanishi ahvoli, bu borada yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar tahliliga alohida e’tibor qaratdi.
Yig’ilishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kompleks dasturlarini amalga oshirish, ularning turistik salohiyatini rivojlantirish asosida mahalliy byudjetlarning daromad qismini oshirish, tumanlar va shaharlarning subventsiyaga qaramligini bosqichma-bosqich qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni rivojlantirishda bank tizimining rolini kuchaytirish, eksport salohiyati oshirish, iqtisodiyot o’sishining yuqori sur’atlariga so’zsiz erishish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar to’g’risida viloyat hokimining birinchi o’rinbosari M.Abdullaev axborot berdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida davom ettirilgan tarkibiy o’zgarishlar, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 106,6 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 106,6 foizga, yalpi qishloq xo’jaligi mahsuloti hajmi 106,7 foizga, investitsiyalar hajmi 170,3 foizga, qurilish ishlari hajmi 109,2 foizga, chakana savdo aylanmasi 112,6 foizga, jami xizmatlar hajmi 111,7 foizga o’sishi ta’minlandi.
Ma’ruzada bu yutuqlar bilan bir qatorda viloyatda iqtisodiy o’sish sur’atlarini ta’minlashda ko’pgina sohalarda mavjud imkoniyatlardan to’liq foydalanilmayotganligi tanqidiy tahlil qilinib, mavjud muammolar, ularning sabablari, yechimlari borasida takliflar bildirildi.
Shuningdek, yig’ilishda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va ularni eksportga yetkazib berish, qishloq xo’jaligida dolzarb vazifalar bajarilishi to’g’risida viloyat hokimining qishloq va suv xo’jaligi masalalari bo’yicha o’rinbosari S. Hikmatov, hududlarni, tumanlar va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mintaqalarga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, yo’l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani jadal ishga tushirish, shuningdek qishloq joylarda arzon uy-joylar va shaharlarda ko’p kvartirali uylar qurish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar to’g’risida viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo’jalik masalalari bo’yicha o’rinbosari N. Hamdamovlarning axborotlari eshitildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan bir qator boshqarmalar, korxona va tashkilot rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari so’zga chiqdilar.