O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ijtimoiy sherikchilik munosabatlari samarasi
2017-04-28 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etishda davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Bafoyev, Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti direktori o‘rinbosari G.Abdullayeva va boshqalar sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish bugungi kunda jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi.
Prezidentimizning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarida, hududlarga safarlari chog‘ida, videoselektor yig‘ilishlarda bu borada bergan ko‘rsatma va topshiriqlarini o‘z vaqtida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tibbiy xizmatning sifati va samaradorligini yuksaltirishda sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, inson salomatligini asrashga yo‘naltirilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sherikchilik munosabatlarini takomillashtirish borasidagi ishlar ko‘lami kengaymoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi va boshqa nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Aholi orasida sog‘lom turmush targ‘ibotini yuritish bo‘yicha ikki yuzdan ko‘proq jamoatchi trener faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aholi, xususan, bemor bolalarni tibbiy-ijtimoiy himoyalash, hududlarda sog‘lomlashtirish haftaliklarini tashkil etish, oila qurayotgan yigit-qizlarni tibbiy ko‘rikka jalb etish, sportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida salomatlikka salbiy ta’sir etadigan illatlarning oldini olish borasida ko‘plab tibbiy-ijtimoiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligidagi tibbiy-ijtimoiy loyihalar kengaymoqda. Hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi Ibn Sino jamoat fondi, O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi, Toshkent shahar «Umid» xayriya jamg‘armasi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi va tibbiyot yo‘nalishidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bir qator loyihalar bo‘yicha hamkorlikda ish olib bormoqda.
Davra suhbatida tibbiyot tizimida yechimini kutayotgan muhim vazifalarni bajarishda davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligini yanada kuchaytirish, bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish, ijtimoiy sherikchilik aloqalarini rivojlantirish xususida fikrlashildi.