O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odamlar ko‘ngliga yo‘l topib...
2017-04-28 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini himoya qilish – davr talabi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.Mavrulov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Sh.Rizayev, “Ma’naviyat” nashriyoti direktori S.Ahmedov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz o‘y-xayollari, orzu-maqsadlariga ko‘makdosh bo‘lish, inson manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh etish yuzasidan keng qamrovli vazifalar belgilangan.
Bu borada Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan birgalikda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning kitobga bo‘lgan mehrini kuchaytirish, bugungi kunda jamiyatimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga keng tushuntirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida, ta’lim maskanlarida, mahallalarda, mehnat jamoalarida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning falsafasi”, “Inson manfaatlari – oliy qadriyat” kabi mavzularda davra suhbatlari o‘tkazildi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturining mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga oid “Xalq ishonchini oqlash har birimizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi”, “Davlat va xalq bir-biriga tayanuvchi kuchdir” kabi mavzularda ma’rifiy materiallar, maqolalar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalarida chop etildi.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markaziga targ‘ibot jarayonida foydalanish uchun “Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi – oliy ne’mat”, “Mahalla obodligi – ko‘ngil obodligi”, “Hushyorlik – osudalik mezoni” kabi mavzularda mediataqdimot materiallari taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni sharhi bo‘yicha mediamateriallar markazning mgm.uz saytiga joylashtirildi. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” falsafasi” nomli risola nashrga tayyorlandi.
“Mustaqillik me’mori haqida” mavzuida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar matni va mediamateriallar tayyorlanib, joylarga yetkazildi. “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Respublika Ta’lim markazining ma’rifiy-rejaviy loyihalariga tegishli tavsiyalar berildi.
Bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ularning aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga va hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish bo‘yicha ham tizimli ishlar bajarildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.